Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
"Rahbar va yoshlar" uchrashuvi
Joylarda o‘tkazilayotgan “Rahbar va yoshlar" uchrashuvi yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning orzu-istaklari, muammo va takliflarini o‘rganishda muhim omil bo‘lmoqda.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorovning yuridik texnikum o‘quvchilari bilan uchrashuvi ham ana shu ezgu maqsadlar uchun xizmat qildi.
Tadbirda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qobiliyat va salohiyatini namoyon qilishi uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, yuridik kadrlarni tayyorlash borasidagi islohotlar xususida so‘z bordi. Yoshlarning muammolari, taklif va mulohazalari tinglandi.
Yoshlar yetakchilariga kompyuter jamlanmalari topshirildi

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Sh.Zayniddinov, Guliston tumani hokimi S.Begimqulov va sektor rahbarlari tomonidan 25 ta mahallada faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilarining ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida ularga zamonaviy kompyuter jamlanmalari topshirildi.
Yosh islohotchilar uchun yaratib berilayotgan bu imkoniyat mahallalarda yoshlar bilan ishlash sifatini yanada oshirish, ko‘zlangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga xizmat qiladi.
"Mehr Sirdaryo"
Sirdaryo tumanida "Mehr Sirdaryo" xayriya fondi ro‘yxatidagi yetim bolalarga saxovatpesha tadbirkor ayollar tomonidan iftorlik dasturxoni yozildi.

"Mehr Sirdaryo" xayriya fondi otasidan ayrilgan yetim bolalarga saxovatpesha insonlar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatib keladi. Ayni paytda fond 350 dan ortiq bolalar holidan muntazam xabar olmoqda.
“Neksiya-3” portladi
Yangiyer shahri A.Jomiy MFY Paxtakor ko‘chasida joylashgan "Vatanparvar" tashkiloti binosi ro‘parasida qoldirilgan, 1994 yilda tug‘ilgan B.Q.ga tegishli "Neksiya-3" rusumli avtomobilning gaz ballonida yorilish sodir bo‘lgan. Natijada, "Neksiya-3" butkul yaroqsiz holga kelgan va yonidagi 2 ta avtotransport vositalariga texnik zarar yetgan.

Hodisa natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q.
Hozirda viloyat FVB va IIB YHXB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Noqonuniy baliq ovchilari aniqlandi

Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Boyovut tuman va Shirin shahar bo‘limi, viloyat IIB PPX va JTSB xodimlari tomonidan Boyovut tumani huddudida tezkor reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Unda tuman hududidan o‘tgan "Janubiy Mirzacho‘l" kanalidan fuqarolar D.K. va J.R. baliq tutish uchun taqiqlangan ov quroli elektr qarmoq yordamida bir turdagi 38 dona tovonbaliqni noqonuniy ovlaganlik holati aniqlandi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik yuzasidan qonuniy choralarni ko‘rish maqsadida sud organiga yuborish uchun tegishli tartibda qonuniy hujjatlar rasmiylashtirilib, 15 300 000 so‘m hayvonot olamiga yetkazilgan zarar miqdori belgilandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA