Xalqaro e’tirof
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi mutasaddilari hamda Massachusets Texnologiya instituti direktori Vijay Kumar Sirdaryo viloyatdagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi maktab-internatida bo‘lishdi.
Tashrif davomida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar – o‘quv va laboratoriya xonalari, Halima Xudoyberdiyeva muzeyi, qishki bog‘, to‘garak xonalari bilan tanishildi. O‘quvchilar bilan ingliz tilida muloqot qilindi.
Gulistonda qiymati 1,2 milliard so‘mlik tikuv fabrikasi ish boshladi

Guliston tumanining “Oltin vodiy” mahallasida loyiha qiymati 1 milliard 200 million so‘m bo‘lgan korxona filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hozirda filialga 600 million so‘mlik tikuv mashinalari va boshqa uskunalar o‘rnatilgan. Kelgusida yana 400 million so‘mlik uskunalar keltirilishi rejalashtirilgan.
Filial ishga tushishi asnosida mahalladagi 80 nafar xotin-qiz doimiy ishga ega bo‘ldi.
Korxonaning ochilish marosimida viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etdi.
Yangi "Istirohat bog‘i"ning qurilish ishlari boshlandi

Gulistondagi "Ibrat" mahallasi hududida yangi "Istirohat bog‘i”ning qurilish ishlari boshlangan. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev mazkur bog‘ loyihasi va dastlabki qurilish ishlari bilan tanishdi.
Bu yerda qariyb 1,10 gektar maydonda landshaftli bog‘, favvoralar, madaniy-ommaviy tadbirlar uchun maydon va sahna, 300 o‘rinli amfiteatr, 10 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti, bolalar o‘yingohi, attraksionlar o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.
Bog‘ 2022 yilning Navro‘z ayyomi arafasida foydalanishga topshiriladi.
Urologiya klinikasi ish boshladi

Gulistonda yangi texnologiya imkoniyatlaridan foydalangan holda jarrohlik usulida davolashga ixtisoslashgan "Abror urologiya klinikasi" ish faoliyatini boshladi.
Klinika "Sanoat qurilish bank"dan olingan 2 milliard so‘m, shifokorning 7 milliard so‘m pul mablag‘i hisobiga 50 o‘ringa mo‘ljallandi.
Natijada 3 nafar oliy toifali urolog, 23 nafar o‘rta tibbiyot xodimining bandligi ta’minlandi. Klinikaga xorijiy davlatlardan zamonaviy davolash, tashxis qo‘yish uchun mo‘ljallangan defibrillyator nefroskop, rezentoskop, SKM rengen, UZI kabi tibbiy apparaturalar keltirildi.
Klinika rahbarining aytishicha, kelgusi yilda Qirg‘iziston Respublikasining O‘zgan shahrida hamda Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyatida urologiyaga ixtisoslashgan klinika ochish rejasi ham bor.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA