Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimizning farmoni asosida O‘zbekistondagi barcha maktablarda “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” lavozimi joriy etilib, mazkur lavozimga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalistlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilinishi belgilab berilgan.
Shunga ko‘ra, Mirzaobod tumanidagi 21-sonli umumta’lim maktabida ijodga qiziquvchi o‘quvchi-yoshlar bilan O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi Inobat Sultonovaning navbatdagi ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ijodkor o‘z asarlaridan namunalar o‘qib, o‘quvchilar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi. Tadbir so‘ngida, Inobat Sultonova o‘z ijod mahsuli bo‘lgan kitoblar jamlanmasini maktab kutubxonasiga tantanali ravishda topshirdi.

***
Guliston shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarining rus ta’lim yo‘nalishida “Tashabbuskor boshlang‘ich” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda Guliston shahar 2-, 5-, 6-, 7-, 8-, 11- va 12-sonli umumta’lim maktablarining 5 nafardan eng ilg‘or rus ta’lim yo‘nalishidagi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilar jamoasi qatnashdi. Tanlov nizomiga asosan ushbu maktablar jamoalari bittadan eng namunali dars o‘tdi.
Darslarni, maktablardan kelgan tajribali o‘qituvchilardan tashkil topgan hakamlar hay’ati a’zolari kuzatib bordi. Eng ilg‘or, kreativ g‘oyali metodlar qo‘llangan darslarni o‘tgan o‘qituvchilar jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
1-o‘rin bir xil – 98 balldan jamg‘argan shahardagi 11- va 8-sonli umumta’lim maktablarining rus tili fani o‘qituvchilariga berildi.

***
Guliston shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan davra suhbati “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetishga qaratildi.
– Saylov qonunchiligini isloh etishdan maqsad saylov jarayonlarining shaffofligini ta’minlashdan iborat, – deydi viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi X.Sulaymanbekova. – Barcha saylov ishtirokchilari uchun teng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarni yaratish, asossiz sarf-xarajatlarning oldini olish, kabi holatlarga, qolaversa, qonunlarimizni xalqaro umume’tirof etilgan normalariga muvofiqlashtirib borishdir.
Tadbirda saylov qonunchiligidagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumotlar berilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

***
Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu daftarlardagi oilalarning ishsiz a’zolarini ish bilan ta’minlash, uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilish, issiqxona yoki o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun yaqindan yordam berib kelinmoqda.
Jumladan, “Temir daftar”dagi 14 ta oilaning oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yillik kontrakt to‘lovlarining 50 foizi to‘lab berildi.

***
Guliston tumani 2-sektor hududida Sohil mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil qilindi.
Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Guliston tumani prokurorining tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu sayohatda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 22 nafar xotin-qiz Samarqand shahrining diqqatga sazovor va tarixiy yodgorliklarini tomosha qilib, olam-olam taassurot bilan o‘z uylariga qaytdi.

***
Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq respublikamizning barcha – 200 ta tuman va shaharlarida adliya bo‘limlari tashkil topganining 3 yilligi munosabati bilan Adliya vaziri tuman va shahar adliya bo‘limlariga tabriknoma yo‘lladi.
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi rahbariyati tomonidan Adliya vazirining tabriknomasi o‘qib eshittirildi va sovg‘alar viloyatdagi 11 ta tuman hamda shahar adliya bo‘limlariga tantanali ravishda topshirildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA