Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida 25 noyabrdan 10 dekabrga qadar respublika miqyosida e’lon qilingan "Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun" aksiyasi doirasida Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida seminar-trening o‘tkazildi.
Ushbu aksiya doirasidagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining viloyatdagi ijrosi muhokama qilindi.
Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari ishtirok etgan tadbir qizg‘in bahs munozaralarga boy bo‘lib, ushbu qonunni hayotga tatbiq etishda duch kelayotgan muammoli vaziyatlar muhokama qilindi.
**************************
O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali texnologiyalarni joriy qilish, har bir xonadonlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xovos tumanida ham sifatli internet aloqasini joriy etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tumanning eng chekka va chegaraoldi mahallalari – Soxibkor hamda Sharqobodda ishlar izchillik bilan davom ettirilib, ushbu hududdagi “UZ Mobile” kompaniyasining antenalariga optik tolali kabel tortish ishlari amalga oshirildi.
Darvoqe, Xovos tumanidagi barcha umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, xullas, barcha ijtimoiy ob’ektlar yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulandi.
**************************
Guliston tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida joriy yilning 27-30 noyabr kunlari voleybol bo‘yicha 2004-2005 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik.
Chempionat bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan sportchi-yoshlarning bellashuvlari kuni-kecha nihoyasiga yetdi.
Keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan turnirda mezbonlar – Sirdaryo viloyati o‘smirlar voleybol jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

******************************
Jizzax shahrida sportning kikboksing turi bo‘yicha 2008-2013 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu bellashuvda Sirdaryo viloyati nomidan ishtirok etgan Sayxunobod tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabining 9 nafar tarbiyalanuvchilari ishtirok etib, faxirli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Sirdaryolik yosh sportchilardan Iftixor Abduqodirov, Mohina Nazarova hamda Sevara Qo‘shoqovalar o‘z yosh toifalarida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Jonibek Abdujabborov uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

***************************
Boyovut tumani hokimi Dilfuza O‘ralova tomonidan sektor rahbarlari ishtirokida, shaxsan qabul qilishni so‘ragan fuqarolar uchun “Qabul kuni” o‘tkazildi.
Jami 32 nafar fuqarolarning kommunal sohadagi kamchiliklar, fermerlik uchun yer maydoni ajratish, uy-joy bilan ta’minlash, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ishga joylashish, tadbirkorlikni rivojlantirish, bino va boshqa masalalarga oid murojaatlarini tuman hokimi yakkama-yakka, yuzma-yuz suhbatlashib tingladi.
Murojaatlarning asosiy qismi joyida bartaraf etilib, qo‘shimcha o‘rganish va ijrosini ta’minlash vaqt talab qilgan muammolar qisqa fursatda hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan sektorlar rahbarlari, tegishli hokim o‘rinbosarlari va mutasaddi idoralar rahbarlariga aniq vazifalar yuklatilib, har bir murojaatni tuman hokimi shaxsan o‘z nazoratiga olishini ta’kidladi.

***************************
Sayxunobod tumanining yangi tayinlangan hokimi Farrux O‘ktamjonov tashabbusi bilan — Gulbuloq mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi foydalanilmay kelinayotgan yerning 0,4 gektariga issiqxona qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu issiqxonada Gulbuloq MFYda istiqomat qiluvchi “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar ishlashi va unda yetishtiradigan mahsulotlar esa shu hududdagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalarga berilishi rejalashtirilgan.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA