Mamlakatimizning Bosh qomusi – Konstitutsiya qabul qilingan kunning 28 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi Sirdaryo viloyati bo‘linmasi Boyovut tumanidagi 6-umumta’lim maktabi o‘quvchilariga o‘zlarining kamtarona bayram sovg‘asini tuhfa etdi.
5 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi va 2 dona lazerli printerdan iborat, 30 million so‘mlik homiylik sovg‘asini maktab jamoasiga tovar-xomashyo birjasining Sirdaryo viloyati rahbari Saydimqul Begimqulov topshirdi.
Xuddi shunday kompyuter jamlanmalarini bayram tuhfasi sifatida viloyat monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Guliston shahridagi 4-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilariga ham Konstitutsiya bayramiga tuhfa etildi.

***********************
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, ayniqsa, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda doimiy daromad ega bo‘lmagan aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xovos tumanida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ushbu mehnat yarmarkasi asosan aliment qarzdorligi mavjud bo‘lib, lekin doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun o‘tkazildi.
Yarmarkada 413 nafar ishsiz sifatida ro‘yhatga olingan aliment to‘lovchilar hamda tumandagi band bo‘lgan xotin-qizlar qatnashdi. Unda tumandagi 50 ta korxona va tashkilotlar 401 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi va 18 nafar ishsiz aliment to‘lovchilariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. Bundan tashqari, 48 nafar fuqarolar yarmarkaning o‘zida ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 38 nafarining ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

************************
Oqoltin tumani 4 ta sektor rahbarlari tashabbusi bilan “Oqoltin tekstil” tikuvchilik korxonasida ham xuddi shunday bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
2 kun davom etgan ushbu mehnat yarmarkasida 60 nafar xotin-qiz ishtirok etib, korxona faoliyati va ishchi-xizmatchilarga yaratilgan shart-sharitlar bilan yaqindan tanishdi.
Yarmarka yakunda 30 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanib, ishchi va ish beruvchi korxona o‘rtasida mehnat shartnomasi rasmiylashtirildi.
***********************
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan Probatsiya bo‘linmalarining asosiy vazifalarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha Boyovut tumani ichki ishlar Probatsiya bo‘limi tomonidan boshqa xuquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Boyovut tumani IIB Probatsiya bo‘limi hisobida turgan nazorat ostidagi shaxslardan jinoyat sodir etish havfi yuqori bo‘lan shaxslardan ajratib olindi va ular uchun jinoyat ishlar bo‘yicha Boyovut tumani sudi bilan hamkorlikda sayyor sud o‘tkazildi.
Ushbu sayyor sud jarayonida sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo‘lgan, o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib olgan, jazoni belgilangan tartibda o‘tab, mehnatga halol munosabatda bo‘lib kelayotgan hamda tuzalish yo‘liga kirgan 13 nafar nazorat ostidagi shaxslar tayinlangan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
*************************
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi bayramiga bag‘ishlab Shirin shahridagi 3-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Mahalla mening taqdirimda” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi.
Ushbu ko‘rik-tanlovda Shirin shahridagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlaridan jami 24 nafar o‘quvchi yigit-qizlar ishtirok etdi.
To‘rtta shart bo‘yicha ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan mazkur tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Nurobod mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi g‘olib deb topilib, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

*************************
Joriy yilning 25-noyabridan 25-dekabr kuniga qadar “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish oyligi” doirasida Sirdaryo viloyatida muntazam ravishda olib borilayotgan profilaktika targ‘ibot tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklar imkon qadar joyida bartaraf etib kelinmoqda.
Ko‘p qavatli uylarda olib borilgan prof
ilaktik tadbirlar davomida aniklangan 43 ta kamchiliklarning 37 tasini yoki boshqacha aytganda 86 foizi joyida bartaraf etildi. Shudan, 7 ta pechning xavfsizlik avtomatikalari va 9 ta nosoz dudburon, 4 ta nostandart shlanglar orqali gaz moslamasiga ulanganligi, 1 marotaba gaz so‘rg‘ichlardan foydalanish, 6 ta elektr bilan bog‘liq nosozlik holatlari va 10 ta yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kamchiliklar aniqlanib, tegishli idora vakillari bilan hamkorlikda bartaraf etilishiga erishildi. Yana 6 ta kamchilkini bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilot mutaxassislariga yuklatilgan topshiriqlarning ijrosi ta’minlanayapti.
*************************
Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘ining tashabbusi bilan joriy yilning 1 dekabridan 25 dekabriga qadar barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Bolalarni quvontiramiz” shiori ostida o‘yinchoqlar aksiyasi o‘tkazilmoqda.
“Bolalarni quvontiramiz” o‘yinchoqlar aksiyasi xalqimiz hayotini aks ettiruvchi, uning ma’naviy qadriyatlari va madaniy tajribasini asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga yetkazib beruvchi badiiy vosita hisoblangan o‘yinchoqlar orqali farzandlarimizda tevarak atrofga muhabbat uyg‘otish, dunyoga kelib, unga hayrat ko‘zi bilan boqib, o‘ziga ma’no topishga intiladigan murg‘ak qalb bolajonlarning “o‘yinchoq” obrazi orqali tasavvuri, dunyoqarashi va hayotga munosabatini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA