Xitoy Xalq Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirligi Kommunistik partiya guruhi a’zosi Xuan Yan boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan paxta klasterlari va qo‘shma korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Boyovut tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tuman hokimi Dilfuza O‘rolova so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksport-import hajmining oshgani xususida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuvda kelgusida paxta yetishtirish va qayta ishlash sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, sohada innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish va investitsiya loyihalarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xitoy delegatsiyasi tuman hokimi hamrohligida Xitoy investitsiyasi asosida tashkil etilgan “Boyovut Cotton Textile” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mazkur ishlab chiqarish majmuasi paxta xomashyosini qayta ishlash va yarim tayyor to‘qimachilik mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan. Korxonada mahalliy mutaxassislar bilan birga xitoylik mutaxassislar ham faoliyat yuritmoqda. Tayyorlanayotgan mahsulotlarning ma’lum qismi ichki bozorda sotilayotgan bo‘lsa, qolgani Xitoy, Rossiya, Turkiya va Eron kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

Delegatsiya ishlab chiqarish jarayonlari, mehnat sharoitlari va kelgusida korxona quvvatini kengaytirish imkoniyatlari bilan tanishdi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish yuzasidan ham muloqotlar olib borildi. Shundan so‘ng mehmonlar U. Yusupov mahallasida amalga oshirilayotgan, xitoy agrotexnologiyasi asosidagi paxta yetishtirish loyihasi bilan tanishdi. Xitoylik investor tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida 800 gektar maydonda plyonka ostiga qo‘sh qator qilib ekish texnologiyasi asosida yuqori hosildorlikka ega Xitoyning Jinken1402 paxta navlari parvarishlanmoqda. Mehmonlarga agrotexnik tadbirlar, parvarish usullari, mahsuldorlik va loyihaning istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” agroparki Xitoy-O‘zbekiston hamkorligida tashkil etilgan. Mazkur innovatsion markazda mehmonlar zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash jarayonlari bilan tanishtirildi. Agroparkda o‘tkazilgan uchrashuvda Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Kushakov hamda agropark rahbariyati ishtirok etdi.

Mazkur delegatsiya tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sohadagi innovatsion yechimlarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘.Primov, O‘zA muxbiri