Sirdaryo viloyat xabarlari –qisqa satrlarda
Fan olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi
Ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish va ularni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, eng asosiysi, fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish maqsadida Sirdaryo viloyatidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
900 nafardan ortiq 9-10-11-sinf o‘quvchisi asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun bilimi va iqtidorini sinovdan o‘tkazdi.
Shundan 141 nafari 15 ta fan bo‘yicha 1,2,3-o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, 47 nafar 11-sinf o‘quvchilari asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida ishtirok etib, birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilarga musobaqa Nizomiga binoan 2 million 250 ming so‘m, ikkinchi o‘rinni egallaganlarga 1 million 500 ming so‘m, uchinchi o‘rinni egallaganlarga 1 million 125 ming so‘m miqdorida mukofot puli berildi.
Eksportyorlar uchun sayyor uchrashuv
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan polipropilen xomashyosidan qop mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, eksport faoliyati bilan shug‘ullanadigan Sirdaryo tumanidagi “Sof Plast” korxonasida sayyor uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tadbirkorlik sub’ekti dastgohlari va xomashyolarning importi, tayyor mahsulotning eksporti bilan bog‘liq muammo va takliflar tinglandi.
Har bir muammo va takliflar bo‘yicha soha xodimlari tomonidan shu joyning o‘zida atroflicha javob berilib, Bojxona kodeksi, unga kiritilgan o‘zgartirishlar, import tovarlar va ularni “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi asosida bojxona rasmiylashtiruvdan o‘tkazish va faoliyatini davom ettirish yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Korxona ishchi va xizmatchilariga import va eksport faoliyatlarni amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan tartibda yordam ko‘rsatilishi tushuntirildi.
Shirin energetika kollejining tajribasi o‘rganildi
Shirin shahridagi Shirin energetika kollejida ibratli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Kollejda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan elektromontyor, elektr stansiyasi uskunalarini ta’mirlash bo‘yicha chilangar, payvandlovchi, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori mutaxassislari tayyorlanadi.
Kollej ma’muriyati va Saudiya Arabistonining "ACWA power" kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan, 616 nafar kollej o‘quvchisi o‘z tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha nazariyani amaliyotga dual ta’lim asosida bog‘lab saboq oladi. Bu esa ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlay oladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga yordam beryapti.
Ushbu jarayon bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish maqsadida kollejga Sirdaryo va Jizzax viloyatlari oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari vakillari hamda Jizzax viloyatining kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari tashrif buyurdi.
Dastlab ularga dual ta’lim tizimi asosida “ACWA power” kompaniyasi buyurtmasiga binoan raqobatbardosh va yetuk kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar, eng ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etilgan ta’lim jarayonlari, chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladigan matematika, fizika, kimyo, informatika va ingliz tili fanlari, joriy o‘quv yilidan boshlab Belarus Respublikasining Mogilyov davlat energetika kolleji bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan elektromontyor, elektr gazpayvandchi hamda avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish kasblari bo‘yicha o‘quv dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shundan keyin ishtirokchilar “ACWA power” kompaniyasining 2,8 million dollarlik homiylik mablag‘i hisobiga tashkil etilgan zamonaviy ustaxona, laboratoriya, yotoqxona binosini ko‘zdan kechirib, Sirdaryo IES filiali va yangi ish boshlagan “ACWA power Sirdaryo” elektr stansiyasi faoliyati va bu yerda dual ta’lim tizimi asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning o‘qishi va tajriba almashishi maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Kollej direktori A. Husanov hamda “ACWA power” kompaniyasi loyiha direktori Abdulmajid Azouz tomonidan malakali kadrlar tayyorlash hamda namunaviy ta’lim jarayonlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etildi.
Bu esa seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldiribgina qolmay, Shirin energetika kollejining namunaviy ta’lim tajribasini Jizzax viloyatidagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida qo‘llash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
[gallery-20874]
E’tiborli jihati, kollejning bir guruh o‘qituvchilari o‘z sohalari bo‘yicha “ACWA power” kompaniyasi tashabbusi bilan xorijda tajriba orttirib, o‘rganganlari asosida dars jarayonlarini olib borayotgan bo‘lsa, kollejni yuqori natijalarda tamomlagan o‘quvchilar esa “ACWA Power” kompaniyasi oliy o‘quv yurtlarida grant asosida tahsil olish huquqini qo‘lga kiritishadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri