Sirdaryo tajribasi o‘rganildi
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirishga qaratilgan respublika seminari o‘tkazildi. Unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari A.Musayev, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A. Umarovlar ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimizning 2024 yil 5 martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorida belgilab berilgan vazifalar, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha fikr almashildi. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarda meva-sabzavot yetishtirish, kichik o‘lchamli issiqxonalar tashkil etish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilikni rivojlantirish orqali ish o‘rinlari yaratish ishlari muhokama etildi.

Seminar qatnashchilari dastlab tomorqa va ijara yerlardan foydalanish bo‘yicha katta tajribaga ega Sirdaryo tumanidagi "Quyosh" mahallasi aholisining ish faoliyati bilan tanishdi.
– Mahallamizdagi 970 ta xonadonda issiqxonalar tashkil etilgan, – deydi hokim yordamchisi To‘lqin Djangirov. – E’tiborli jihati aholi xonadonlarida markazlashgan holda pomidor, bodring, ko‘kat va boshqa ekin turlari yetishtiriladi. Buning hisobiga o‘tgan yili MDH davlatlariga 45 milliard so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Bundan tashqari, aholi chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan ham shug‘ullanadi. Ish qidirib xorijga yoki boshqa joylarga ketgan yoshlar yo‘q. Chunki ishlayman, daromad topaman degan kishiga mahallamizda barcha sharoitlar mavjud. Mahallaning bu jihati seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari Furqat mahallasida "Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Quyosh va Furqat mahallalarida tomorqadan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni viloyatning boshqa hududlarida ham ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi.
–“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan loyihalar mahalla iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish orqali aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Mirzaobod tumani "Tinchlik" mahallasi hokim yordamchisi Dilshod Bekmurodov. – Bu tashabbus nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Bu tajribadan foydalanib o‘zimizni mahallada ham tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha bir qator loyihalarni joriy etishni rejalashtirdik.

Kunning ikkinchi yarimida seminar ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda hududdagi "Olg‘a bos" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, tomorqa yer egalarining faoliyatini o‘rganishdi. Olg‘a mahallasida yashovchi Abduvali Musayev tomorqadan unumli foydalanish haddisini olgan mirishkorlardan.
– Ko‘p yillardan buyon ertangi sabzi va kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanaman, – deydi Abduvali Musayev. – Bunda plyonka qoplamasidan foydalanaman. Ko‘rib turganingizdek bu o‘z natijasini beryapti. Yutuqli tomoni mahsulotimiz 2-3 hafta ilgari tayyor bo‘ladi. Buning hisobiga ochiq maydondan ham yiliga 3 marotaba hosil olaman. Shunga yarasha daromad ham yaxshi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” Davlat dasturi doirasida Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Sayxunobod tumanlarida o‘tkazilgan respublika seminari har tomonlama foydali bo‘ldi. Eng asosiysi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ishni tashkil etgan bobodehqonlarning ish uslublarini ommalashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, mahalliy mahsulotlar orqali aholi daromadini oshirishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi, maslahat va tavsiyalar berildi. Seminar davomida muhokama etilgan masalalar yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri