Sirdaryo sohilidagi yangi turizm chorrahasi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, xususan, turizm infratuzilmasini zamon talablari asosida qayta qurish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu boradagi islohotlarning uzviy davomi sifatida, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi “Sohilobod” mahallasini zamonaviy turizm markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaga start berilmoqda.
Mazkur tashabbusning huquqiy asosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yaqinda viloyat hokimligida xalqaro mutaxassislar ishtirokida muhim muhokama o‘tkazildi. Malayziyaning tajribali “APUDG SDN BHD” kompaniyasi vakillari hamda viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isakulov ishtirok etgan uchrashuvda hududning yangi qiyofasini belgilab beruvchi master-reja taqdimoti namoyish etildi.
Loyihaning asosiy maqsadi nafaqat hududning investitsiya salohiyatini oshirish, balki mahalliy aholining turmush darajasini tubdan yaxshilashdan iborat. Viloyat hokimi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yangi barpo etiladigan infratuzilma har bir oila uchun manfaatli bo‘lib, xizmat ko‘rsatish sohasida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Bu jarayonda investitsiya va mehnatni oqilona jalb qilish, tabiiy muhitni asragan holda zamonaviy servis tizimini yo‘lga qo‘yish prinsiplariga alohida e’tibor qaratiladi.
Malayziyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan master-rejaga ko‘ra, Sirdaryo daryosi bo‘yidagi betakror tabiat manzaralari ichida ekoparklar, piknik zonalari, qayiq sayrlari uchun maxsus maskanlar va baliq ovlash hududlari barpo etiladi. Shuningdek, sayyohlar uchun ekzotik muhit yaratish maqsadida chodirli va o‘tovli lagerlar tashkil etilib, rekreatsion xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Har bir burchak ekologik jihatdan xavfsiz va jozibador maskanga aylantirilishi natijasida hudud nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarning ham sevimli manziliga aylanishi kutilmoqda.
Uchrashuvda malayziyalik hamkorlar loyihaning konsepsiyasi va uni amalga oshirish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berar ekan, ularning boy tajribasi Sirdaryoning investitsion jozibadorligini kuchaytirishda muhim ilhom manbai bo‘lishi qayd etildi. Sohilobodning kelajakdagi taraqqiyoti viloyatning umumiy iqtisodiy o‘sishida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xulosa qilganda, ushbu yirik loyiha natijasida Sohilobod mahallasi nafaqat tabiat go‘zalligi saqlab qolingan dam olish maskani, balki yuqori daromad keltiruvchi va aholi farovonligini ta’minlovchi zamonaviy imkoniyatlar shaharchasiga aylanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri