Sirdaryo qovunlari shirinligining siri nimada?
Yurtimizda qovunning "Oqurug‘"," Bo‘rikalla", "Ko‘kcha", " Qizilurug‘", "Sariq handalak", " Obi novvot", "Shakarpalak", " Kampir qovun", "Amir qovun", "Ko‘kcha" kabi 150 dan ortiq navi bo‘lsa, shundan 70 dan oshiq navi Sirdaryoda yetishtiriladi.
Qizig‘i shundaki, respublikamizning barcha hududlarida qovun ekilsa-da, Sirdaryoning qovunidek shirin, mazali bo‘lavermaydi. Shuning uchun ham aytishadi-da: Chustning pichog‘iga, Samarqandning noniga, Marg‘ilonning adrasiga, Sherobodning anoriga, Oltiariq va Parkentning uzumiga, Sirdaryoning qovuniga duo ketgan deb. Bu bejiz emas.
–Ota–bobolarim zominlik bo‘lsa-da, Oqchangalda tug‘ilganman, – deydi Xolbek Abdurayimov. –Esimni tanibmanki, qovun yetishtirib sotamiz. Xaridorlar Sirdaryo qovunlari shirinligining siri nimada, deb ko‘p so‘rashadi, Hech ikkilanmay boshqa hududlarnikiga o‘xshamagan ob-havosi, yeri va suvida deymiz.

–Sirdaryo qovunining hosili mo‘l va ta’mi totli bo‘ladi, – deydi sardobalik Baxtiyor bobo Nosirov. –Uning ertaki navi 15 aprelgacha, o‘rtagisi 20 apreldan 10 maygacha, kechkisi 15 maydan 10 iyungacha ekiladi. Eng asosiysi, yurtimizda qovun yetishtirishda Sirdaryo, Jizzax, Xorazm hududlari yetakchilik qiladi. Bunda eng birinchi galda urug‘ muhim rol o‘ynasa, yer ham tanlaydi. Sirdaryoning boshqa hududlariga ekilgan qovun Sardoba, Xovos, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida yetishtirilgan qovunlardek mo‘l-ko‘l hosil beravermaydi.
Esimda, bundan to‘rt yil muqaddam Mirzaobod tumanining M. Ulug‘bek mahallasi hududidan anorchilik yo‘nalishi uchun olgan yer maydoniga qovunning "Obi novvot","Oqurug‘" navlarini ekkandim. "Oqurug‘" dan ko‘ra, "Obi novvot"dan yuqori hosil olganman. Shunga yarasha daromad ham yaxshi bo‘lgandi. O‘sha yili ukam mendan urug‘ olib ketib, Qashqadaryoning Chiroqchisiga qovun ekkandi. Kutgan darajada hosil ololmagan. Shunda enamning ukamga aytgan "Ko‘p ham xafa bo‘laverma, Mirzacho‘lning qovuniga duo ketgan" degan hazilomuz so‘zlari hali- hamon quloqlarim ostida jaranglab turibdi.

–Qovun ekish sir- asrorini oldiniga otamdan, so‘ng turmush o‘rtog‘imdan o‘rganganman, – deydi oqchangallik Oysafar Tursunova. – Katta farzandim 4 yosh, kichik farzandim 2 yosh bo‘lganda turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Qayta turmush qurmadim. Farzandlarimni deb yolg‘iz boshim bilan qovun ekdim, chopiq qildim, kam bo‘lmadim. Ana shunga ham bu yil 29 yildan oshibdi. Qiyin kunlar ko‘p bo‘lgan, birovlarga o‘xshab eshik hatlab, uyoq-buyoqqa yordam so‘rab yugurmadim. Aytishadi-ku, "Qo‘ldan berganga qush ham to‘ymaydi" deb. Astoydil so‘rasangiz, rizqni beruvchi bor. Qovun ekib qiz uzatdim, o‘g‘il o‘yladim. Bugun bo‘lsa, bir etak nabiralarim atrofimda.
O‘tgan yili Oysafar Tursunova 4 gektar yerga qovunning" Oqurug‘", "Ko‘kcha", " Qizilurug‘", "Obi novvot" urug‘larini ekkandi. Yetishtirgan va sotgan qovunlari hisobidan esa o‘g‘li Umrqulga yangi "Damas" rusumli avtomobil olib bergan bo‘lsa, 2 tonna qovun qoqining har bir kilogrammini eksportyorlarga 14 ming so‘mdan sotib, olgan foydasi hisobiga bu yil yana 6 gektar yer maydoniga qovun ekdi.

–Bu yil ekkan qovunlarimiz o‘tgan yilga nisbatan ancha arzon bo‘ldi. Katta foyda qilmagan bo‘lsak-da, nasibaga yarasha hosil chiqdi. Qolgan qovunlardan qovun qoqi tayyorlagan bo‘lsak, uning po‘chog‘i qora molga, urug‘i esa tovuqlarga yem bo‘ldi. Eng asosiysi, bu ish bilan nafaqat men, Xovos tumanining Oqchangal mahallasida istiqomat qilayotgan aholining deyarli 70 foizi shug‘ullanyapti. Chunki qovunchilik mahallamizda drayver sohaga aylangan.
Muxtasar aytganda, so‘nggi vaqtda qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari qatori qovunchilik Sirdaryoning Sardoba, Xovos, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida rivojlanyapti. Bu esa aholi daromadining oshishiga, bozorlarning to‘kin bo‘lishiga, shu bilan birga viloyatning eksport salohiyati oshishiga hissa qo‘shmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri