Sirdaryo viloyatida yetishtirilayotgan qovunlar tobora ko‘proq xorijiy bozorlarga chiqarilib, xalqaro maydonda ham munosib o‘rin egallab bormoqda. Agar o‘tgan yilda viloyat qovunlari 12 ta davlatga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 17 taga yetdi. Bu esa mahalliy dehqon va fermerlar mehnati o‘z samarasini berayotganidan, yurtimiz mahsulotlariga bo‘lgan talab esa bosqichma-bosqich ortayotganidan darak beradi.
Joriy mavsumda viloyatda 11 ming 725 gektar maydonga qovun va boshqa poliz mahsulotlari ekilib, ularning aksariyatida “obi novvot”, “ko‘kcha”, “amiri”, “chillaki”, “oqurug‘” kabi 30 dan ortiq qovun navlari parvarishlanmoqda. Mazkur navlar nafaqat mazasi, balki yuqori saqlanish xususiyati bilan ham ajralib turadi. Bugungi kunda Sirdaryo qovunlari Avstriya, Germaniya, Latviya, Litva, Norvegiya, Polsha, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Ukraina va Shvetsiya kabi davlatlarga yo‘naltirilmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida 184,5 tonna qovun uchun ichki fitosanitar sertifikat, 3 654 tonna qovun uchun esa 195 ta xalqaro fitosanitar sertifikat rasmiylashtirilgan. Jumladan, qovunlarning 267,5 tonnasi Germaniyaga, 258 tonnasi Latviyaga, 438,3 tonnasi Rossiyaga, 2 448 tonnasi esa Qozog‘istonga yetkazib berilgan.

Mahsulot sifatini ta’minlashda fitosanitar nazorat muhim ahamiyatga ega. O‘simliklar karantini va himoyasi inspektorlari maydonlardagi zararli organizmlarga qarshi muntazam kurash olib bormoqda.
– Qovunlarimiz dunyo bozorlarida raqobatbardosh bo‘lishi uchun ularning sog‘lomligi birinchi o‘rinda turadi, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi Sardoba tumani bo‘limi davlat inspektori Rahmonberdi Abdurahimov. – Bu yil tumanda maydonlarni muntazam tekshirib, zararkunandalar tarqalishining oldini olish uchun biologik va kimyoviy usullar uyg‘un qo‘llandi. Masalan, qovun pashshasiga qarshi feromon tuzoqlar va zamonaviy biopreparatlardan foydalanildi. Bunday tadbirlar hosilning sifatli va eksportbop bo‘lishini, eng muhimi — xorijiy bozorlarda yurtimiz qovunlariga nisbatan talabning yuqori bo‘lishini ta’minlaydli.

Eksport jarayonida bojxona tizimining ham zamonaviy va shaffof tarzda ishlashi katta ahamiyatga ega.
– Bugun bojxona tizimi ham zamon bilan hamqadam. Eksportyorlarimiz qovunni dunyo bozorlariga chiqarishda ortiqcha qog‘ozbozlikka vaqt yo‘qotmayapti. Ilgarigidek to‘qqiz bosqichdan o‘tish talab etilmaydi — barchasi uch bosqichda hal bo‘ladi, – deydi Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Alisher G‘offarov. – Faqatgina shu orqali yarim yilda 25 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari tez va shaffof tarzda rasmiylashtirildi. Bunda tadbirkor ortiqcha vaqt ketkazib, ovora bo‘lmaydi, ishlari oson bitadi. Eng muhimi, Sirdaryo qovunlarining xushbo‘y hidi va yoqimli mazasi endi Yevropaning qator bozorlarida ham mashhur bo‘lmoqda
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri