Sirdaryo: “Obod qishloq” dasturi ijrosi qanday?
Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda Sirdaryo tumanida “Obod qishloq” dasturiga Hikmatli hamda Farovon mahalla fuqarolar yig‘inlari kiritilgan.
Tumanning 1-sektorga qarashli Hikmatli MFYda dastur ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilgani va rejalashtirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu mahallaga bordik.
Mahalladagi 620 xonadonda 3 ming 949 nafar aholi istiqomat qiladi. U yerda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari izchillik bilan olib borilayapti.
“Obod qishloq” dasturi doirasida mahalladagi jami 9,6 km ichki yo‘lga asfalt-beton va qum-shag‘al yotqizib ta’mirlash belgilangan bo‘lib, shu kungacha ta’mirtalab 3 km ortiq ichki ko‘chalarga hashar yo‘li bilan tosh-qum aralashmasi to‘kilib, tekislanib, ta’mirdan chiqarilgan.
Mahalla aholisini toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ta’minot tizimini yaxshilash maqsadida 7,8 km tarmoq tortish va 4 ta suv inshootini qurish, rekonstruksiya qilish belgilanganedi. Hozirda bu boradagi ishlar ham boshlab yuborilgan.
Hududdagi elektr ta’minoti tizimini yaxshilash borasida esa 6 km elektr tarmog‘i tortish va almashtirish, 3 dona transformator o‘rnatish va ta’mirlash, 192 dona elektr uzatgich tayanch beton ustunlar o‘rnatish rejalashtirilgan ekan.
Ayni paytda, 40 dona elektr uzatkich beton ustunlar o‘rnatilgan. Belgilangan joylar uchun 46 dona beton ustun mahalla hududiga olib kelingan va o‘rnatish uchun soha mutaxassislari izchillik bilan ish olib bormoqda.
Dastur doirasida Hikmatli MFYda aloqa va axborotlashtirish tizimini yaxshilash bo‘yicha 20 km aloqa liniyasini tortish, obodonlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha 2 km piyodalar yo‘lakchasini qurish va ta’mirlash belgilangan.
Ish olib borayotgan dastur ijrochilarining ta’kidlashicha, qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish borasidagi boshqa ishlarga xalaqit qilmaslik maqsadida, piyodalar yo‘lakchasini qurish ishlari hali boshlanmagan.
[gallery-2039]
Hududdagi 680 o‘rinli 30-sonli umumta’lim maktabi binosini mukammal ta’mirlash, 100 qatnovli 28-son qishloq oilaviy poliklinikasini rekonstruksiya qilish ishlari ham rejaga kiritilgan.
Mazkur o‘quv va shifo muassasalarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga kirishilgan.
Umumta’lim matabidagi ta’mirlash ishlariga o‘quvchilar yozgi ta’tilga chiqqach, qishloq oilaviy poliklinikasi rekonstruksiyasiga esa loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanishi bilan kirishilishi rejalashtirgan. Hozircha bu borada biror ish amalga oshirilgan ishni ko‘rmadik.
Hikmatli mahalla fuqarolar yig‘inida bozor infratuzilma ob’ektlarini barpo etish va ta’mirlash bo‘yicha ham bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, mahallada 4 ta savdo majmuasi, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kichik turdagi ishlab chiqarish va boshqa turdagi bozor infratuzilma ob’ektlarini qurish belgilangan. Hikmatli mahallasi markazida 21 ta shoxobchadan iborat bo‘lgan savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi barpo etilmoqda.
Bu o‘z navbatida hududdagi “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolar uchun yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlanishini kafolatlaydi.
Yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va ta’mirlash yuzasidan, mahallada 70 ta uy-joyni aholining boshlang‘ich badali va “Ipoteka krediti” asosida qurish rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishda ham ishlar boshlab yuborilgan.
Ushbu mahallaning obodligi yo‘lida tumandagi barcha tashkilot vakillari hasharga kelgani kishini quvontiradi. Hamjihatlikda qilingan ishda baraka bo‘ladi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA