Sirdaryo – Kvansan-Gu biznes forumi
Sirdaryo viloyati Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida bo‘lib o‘tgan forumida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, Janubiy Koreyaning Kvandju metropoliten shahri Kvansan-Gu tumani hokimi Pak Byung Kyu, Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Kim Chang Keon, hamda Koreya Respublikasining 200 nafar yirik biznes vakili va viloyat tadbirkorlari ishtirok etdi.
Forum dasturiga ko‘ra, ikki tomon rasmiylarining tor doiradagi muloqotlari, “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar, shuningdek, Guliston hamda Yangiyer shaharlarida joylashgan qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishuv bo‘ldi.
Shuningdek, Janubiy Koreya delegatsiyasi tarkibidagi oliy ta’lim muassasalari vakillari Guliston davlat universitetida bo‘lishib, ta’lim jarayoni va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. O‘tkazilgan uchrashuvlarda Honam universiteti prezidenti Pak San Chxol va Gvangju universiteti prezidenti Kim Dong Jin Guliston davlat universitetida koreys tili markazini ochish taklifini ilgari surdi.
Qayd etilishicha, eng so‘nggi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadigan markaz to‘liq Janubiy Koreya OTMlari hisobidan moliyalashtiriladi. Uchrashuvda, shuningdek, oliygohlar o‘rtasida kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, birgalikda ilmiy forumlar va qo‘shma tadqiqotlar olib borish yuzasidan memorandum imzolandi.
Endi Sirdaryoda Koreys tilini o‘qitish markazi tashkil etiladi. Guliston va Kvansan-Gu o‘zaro hamdo‘stlik shaharlariga aylanadi. Guliston shahar hokimi Jamoliddin Jodjimanov biznes forum doirasida Janubiy Koreyaning Kvandju metropoliten shahri Kvansan-Gu tumani hokimi Pak Byung Kyu bilan uchrashdi.
[gallery-17045]
Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish masalalari muhokama etildi. O‘zaro do‘stona hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari