Sirdaryo IES da Navro‘z tantanalari
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi korxonasi nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizda ham o‘zining ulkan salohiyati bilan ajralib turadi. Korxonada bugungi kunda 2000 dan ziyod nurchilar jamoasi iqtisodiyotimizning qon tomiri bo‘lmish elektr energiyasini uzluksiz ta’minlash borasida kecha-yu-kunduz fidokorona mehnat qilmoqda.
Navro‘z umumxalq bayrami nurchilar korxonasida ham o‘zgacha shukuh bilan nishonlandi. Bayram tadbiriga korxonada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, shahar nuroniylari, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila vakillari taklif etildi. Sirdaryo IES Bosh direktori Bahodir Nurdinov Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimiz farovonligi yo‘lida hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlar haqida so‘zlab o‘tdi.


Tadbirda “Eng yaxshi navro‘z taomlari va ezgu qadriyatlar – milliy madaniyatimiz yutuqlari” ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazildi. Bu yilgi o‘zgacha shukuh bilan tashkil etilgan bayramda “Sirdaryo IES” korxonasining xizmat, sex va bo‘limlari jami 22 ta jamoasi ishtirok etdi. Tadbirda, “Eng yaxshi Navro‘z dasturxoni”, “Eng yaxshi milliy taomlar”, “Eng yaxshi milliy qadriyatlar”, “Eng yaxshi milliy urf-odatlar”, “Eng yaxshi sahna ko‘rinishi”, “Eng faol bo‘lim”, “Eng yaxshi o‘zgacha yondashuv” kabi 7 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib munosib rag‘batlantirildi.


Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri