Bugun elektr energiyasisiz jamiyat taraqqiyotini tassavvur etib bo‘lmaydi. Uyda deysizmi yoki ishxonada elektr energiyasi inson uchun qulay sharoit yaratadigan ajralmas yordamchiga aylandi. Ulkan shaharlar, gigant ishlab chiqarish korxonalarini ham harakatlantiruvchi kuch shu manbadir.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari soni taraqqiyotning keyingi bosqichida ortib borayotganligiga qaramasdan, jahonning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham sohaning eng “og‘ir yuki”ni issiqlik elektr stansiyalari tortib kelmoqda. Yurtimizda jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmidagi issiqlik elektr stansiyalarining umumiy hissasi qariyb 85 foizni tashkil qiladi.
Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlarni “Sirdaryo IES” AJda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil qildi.

Prezidentimizning 2017 yil 29 dekabrdagi «Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq, Rossiyaning «Silovыye mashinы» OAJ kompaniyasi tomonidan joriy yilda Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining to‘qqizinchi va o‘ninchi energobloklari modernizatsiya qilinadi.
AJ matbuot xizmati ma’lum qilishicha, modernizatsiyani amalga oshirish hisobiga energobloklarning samaradorligi oshadi. Har bir energoblokning quvvati 325 MVt ga yetkaziladi. 1 kVt/s uchun shartli yoqilg‘i sarfi
40 grammga qisqaradi va natijada yiliga 180 million metr kub tabiiy gaz tejashga erishiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2019-2020 yillarda uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi energobloklarda modernizatsiya ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Navbatdagi ikkita energoblokning modernizatsiya ishlari mart oyida boshlanib noyabr oyida to‘liq yakunlanadi va energobloklar to‘la quvvatga chiqariladi. Hozirgi kunda modarnizatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Press-turda jurnalistlarning savollariga mutasaddilar atroflicha javob berdi.
O‘zA