Sirdaryo bo‘yidan “Tozalik aksiyasi”
Tarixdan ma’lumki, azaldan yirik daryolar xalqlar va davlatlar hayotining muhim bo‘lagini tashkil etgan. Daryolar bo‘yida yirik shaharlar shakllangan. Markaziy Osiyo mintaqasida bu orol Sirdaryoga tegishlidir.
Sirdaryo uzoq yillar davomida ekinlarni sug‘orish, baliq yetishtirish va yuk tashuvini amalga oshirishda muhim o‘rin egallab kelgan. U qadimiyligi jihatdan Markaziy Osiyoda birinchi va suv miqdori bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. Qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hududidan oqib o‘tuvchi mazkur daryo uzoq o‘tmishdan buyon mintaqa xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynagan.


Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi, O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiya markazi, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi, “Tozalik o‘yinlari” xalqaro volontyorlari bilan hamkorlikda Chinoz tumani hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi bo‘yida “Tozalik aksiyasi” o‘tkazildi.


Tadbirda tabiatga befarq bo‘lmagan ko‘ngillilar daryo bo‘yi hududidan chiqindilarni maxsus paketlarga yig‘di. Daryo bo‘yidan to‘rt tonnadan ziyod chiqindi yig‘ilib “Zangiota obodon” MCHJ maxsus texnikalari yordamida hududdagi chiqindi joyga jo‘natildi.

Tashkil etilgan eko-trening doirasida ishtirokchilarga Sirdaryoning mintaqadagi o‘tmishi va buguni, uning Markaziy Osiyo xalqlari hayotida tutgan o‘rni shu bilan birga har bir fuqaroning kundalik hayotda amal qilishi kerak bo‘lgan ekologik qoidalar haqida ham ma’lumot berildi.
A.Musayev, O‘zA.