Mamlakatimizda energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Bu esa, iqtisodiyot tarmoqlarini, aholi xonadonlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Prezidentimiz yaqinda energetika sohasidagi ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etib, qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatni ishga tushirish, 6 ta yangi loyiha qurilishiga start bergan edi.

Sirdaryo viloyatida ham 2026 yil iyun oyida umumiy quvvati 1 573 MVt bo‘lgan “Sirdaryo-2” issiqlik elektr stansiyasi ishga tushadi. Ahamiyatlisi, barpo etilayotgan mazkur zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasi to‘lig‘icha ishga tushgach, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakatimiz aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 17 foizini qondiradi. Yangi bug‘-gazli elektr stansiyasi deyarli ikki baravar samarali. Bu tabiiy gazdan samaraliroq foydalanish va chiqindilarni kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiyalashga yordam beradi.

—“Sirdaryo-2” issiqlik elektr stansiyasi loyihasining ikkinchi bosqichiga Xitoy, Qatar va Yaponiya kompaniyalari tomonidan sarmoya kiritildi, — deydi loyiha rahbari o‘rinbosari xitoylik Jing Hongru.— Kompaniya O‘zbekistonda "Enersok" loyiha kompaniyasini tashkil etishni birgalikda moliyalashtirdi. Loyiha 2023 yil 16 martda boshlangan. 2026 yil 16 iyun kuni ishlab chiqarishga topshirilishi belgilangan.

Bugungi taraqqiyot davri arzon, tejamkor hamda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarishni taqozo etmoqda. Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan navbatdagi loyiha ana shu jihatlari bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. Quvonarlisi, ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarida mahalliy aholi vakillari ham ishtirok etmoqda. Qurilishda 1500 nafarga yaqin ish ishlayotgan bo‘lsa, ularning 50 foizdan ziyodini mahalliy aholi vakillari tashkil etadi. Ayni vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan rejani o‘z muddatda bajarish uchun barcha resurslar safarbar etilgan.

Eng muhimi, shu kunlarda “Sirdaryo-2” issiqlik elektr stansiyasida qurilish, bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. IES to‘lig‘icha ishga tushgach tabiiy gazning yillik tejamkorligi 2 milliard kub metrni, elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 10 milliard kilovatt soatni tashkil qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri