Sinxron suzish bo‘yicha mahoratlilar aniqlandi
Poytaxtimizdagi “Saxovat sport servis” suzish havzasida sinxron suzish bo‘yicha o‘smir-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat kubogi bahslari o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqa turli yosh guruhlarida o‘tkazilib, har bir guruhda kechgan bahslar qizg‘in kurashlarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston kubogi doirasida birinchi marta O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Dinara Ibragimova boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar tomonidan sportchi va murabbiylar uchun mahorat saboqlari tashkil etildi. Unda sportchi va murabbiylarning nazariy va amaliy bilimlari yanada mustahkamlandi.

Mamlakat kubogi bahslari hamda mahorat saboqlarida o‘z iqtidorlarini har tomonlama namoyon etib, terma jamoa murabbiylarining nazariga tushgan sportchilar endilikda terma jamoa yig‘inlariga jalb etilishi belgilab olindi.
O‘zbekiston kubogi bahslari yakuniga ko‘ra, eng ko‘p medalga sazovor bo‘lgan respublika suv sport turlariga qarashli ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi va O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni suv sporti turlariga qarashli Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasi egalladi. Kuchli uchlikka Andijon viloyati jamoasi yakun yasadi.
Musobaqa so‘ngida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi, deb topilganlarga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
T. Ro‘ziyev, O‘zA