Sinovli kunlardan ham ibrat izlab yashaylik!
Bugun koronavirus epidemiyasi bilan butun dunyo ahli kurashyapti.
Bugun koronavirus epidemiyasi bilan butun dunyo ahli kurashyapti. Bizning yurtimizda ham bu kasallik avj olishining oldini olish borasida koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda. Bunday chora-tadbirlar, davlatimiz rahbari tomonidan chiqarilayotgan Farmonlar, xalqimizga qilinayotgan Murojaatlar zamirida inson omili — hamyurtlarimiz salomatligi muhofazasi yotibdi.
JSST tomonidan Oʻzbekiston koronavirus epidemiyasiga qarshi keskin, samarali kurashayotgan mamlakatlardan biri, deya eʼtirof etilmoqda. Bu fikrning asosli ekanligiga, taʼbir joiz boʻlsa, insoniyatga qarshi urush ochgan bu epidemiyani yengish uchun xalqimiz bir tanu bir jon boʻlib kurashayotganiga barchamiz guvoh boʻlyapmiz.
Bugun oʻzini shu yurt, shu xalq taqdiriga daxldor deb bilgan fuqaro borki, bu saʼy-harakatlardan chetda qolayotgani yoʻq. Harbiylar, ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlari, shifokorlar, oʻqituvchilar, tadbirkorlar, qoʻyingchi, barcha yurtdoshlarimiz oʻz kasbi, hunari doirasida xalqimiz xizmatida boʻlishyapti. Zero, bir osmon ostida, bir zamin ustida yashayapmizmi, bunday musibatli kunlarda bir chekkada tomoshabin boʻlib turishga haqqimiz ham yoʻq. Minglab insonlarning hayotiga zomin boʻlayotgan bu epidemiyaning yurtimizda keng tarqalishini oldini olish uchun shifokorlarimiz oʻz jonlarini xatarga qoʻyib, tunu kun mehnat qilishayotgan ayni damlardan biz fuqarolardan talab qilinayotgani uyda qolish, zarurat boʻlmaganda koʻchaga chiqmaslik xolos.
“Imkoning boʻlsa yaxshilik qil. Agar yaxshilik qilish qoʻlingdan kelmasa, hech boʻlmasa yomonlik qilma”, degan ibratli naql bor. Afsuski, bu naqlga hamma ham rioya qilavermaydi. Bugun bu kasallikning yurtimizda keng tarqalib ketmasligi uchun zaruriy chora sifatida qoʻllanilayotgan karantin qoidalarini qoʻpol ravishda buzayotgan, xalqimiz boshiga tushgan ogʻir, sinovli kunlar, tahlikali vaziyatdan ham oʻz manfaati yoʻlida foydalanib qolish ilinjida soxta ruxsatnoma bilan koʻchaga chiqayotgan, karantin davrida oʻz uyini diskoteka maydoniga aylantirgan, tunda koʻchalarda sayr qilib yurgani uchun tanbeh bergan huquq tartibot xodimlariga qoʻpollik qilayotgan, ularni haqoratlayotgan kimsalarning bunday xatti-harakatlarini qanday baholash mumkin?! Ularni kim, toʻgʻrirogʻi, nima deb atash mumkin?!
Biz sabrli, bardoshli xalqmiz. Ogʻir, sinovli kunlarda jipslashib, musibatlarni birgalikda yengishga qodir xalqmiz. Bugungi kunda yurtimizda COVID-19 virusini yuqtirib olgan bemorlar soni 600 nafardan oshdi, uch nafar hamyurtimiz shu kasallik tufayli hayotdan bevaqt koʻz yumdi, 100 mingdan ziyod vatandoshlarimiz karantin holatiga olingan. Bu raqamlar har birimizni jiddiy oʻylashga, mushohada qilishga undaydi. Bugun bizdan talab qilinayotgani faqatgina uyda qolish
Shunday ekan, uyda qolaylik, vaqtimizni farzandlarimiz, nabiralarimiz taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlaylik. Ular bilan birga dars tayyorlaylik. Shoyad, biz har doim ham qadriga yetavermaydigan oʻqituvchilarning chekayotgan zahmatlarini biroz boʻlsa-da, his qilsak. Mashaqqatli mehnatlarini qadrlashni oʻrgansak. Farzandlarimizning eshitgandan koʻra, koʻrganiga koʻproq amal qilishlarini nazarda tutib, qoʻlimizga kitob olaylik. Shoyad, dilbandlarimiz bizdan ibrat olishsa.
Ayrim maʼlumotlarda keltirilishicha, Xitoyda karantindan soʻng oilaviy ajrimlar soni sezilarli darajada ortgan emish. Ishonchim komil, bugun uyda qolib, uy-roʻzgʻor yumushlari bilan band ayolining kun davomida tinim bilmasligiga guvoh boʻlayotgan erkaklarimiz oʻz ayollarini yana-da koʻproq qadrlaydilar. Demakki, muqaddas oilalarimiz yana-da mustahkamlanadi. Har bir voqea-hodisaning xoh u ijobiy boʻlsin, xoh salbiy, bir hikmati boʻladi. Insoniyat boshiga yogʻilgan bu ogʻir musibatli, sinovli kunlardan ham ibrat izlab yashaylik, azizlar.
Feruza JALILOVA,
OʻzMTDP Shayxontohur tuman kengashi raisi