Singapurda Osiyodagi yirik aviako‘rgazmalarning biri bo‘lib o‘tmoqda
Qariyb 40 dan ziyod mamlakatning taxminan 600 ta kompaniyasi seshanba kuni ochilgan Singapore Airshow – 2022 aviasalonida ishtirok etmoqda. Aviatsiya sohasining yirik voqealaridan hisoblangan mazkur xalqaro tadbir har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
"Tadbir Singapurning asta-sekin chegaralarini ochayotgani va avvalgi hayot tartibiga qaytayotganini bildiradi", – dedi aviasalonning ochilish marosimida ishtirok etgan mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtirish vaziri Xen Svi Kit.
Aviasalon Osiyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Xalqaro ko‘rgazmaning bu galgisida 2020 yildagi bilan taqqoslaganda qariyb ikki barobar kam ishtirokchi qatnashmoqda. Ko‘rgazma jamoatchilik uchun yopiq rejimda o‘tmoqda, parvozlar namoyishini ijtimoiy media tarmoqlari orqali kuzatsa bo‘ladi.
Vazirning ta’kidlashicha, Singapur global aviaxab hisoblanadi, shu bois aviatsiya va aerokosmik sohasini rivojlantirishga harakat qilmoqda. Aviako‘rgazmada Airbus, Boeing, Lockheed Martin, Rolls-Royce, Xitoy davlat aviatsiya sanoati korporatsiyasi kabi taniqli kompaniyalar o‘z mahsulotlarini namoyish qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, Osiyoda ilk bor Boeing kompaniyasining eng yangi uzoq masofaga uchadigan keng fyuzelyajli 777X layneri namoyish qilinmoqda. Ushbu model avvalgilaridan o‘zining kattaligi va yig‘iladigan kompazitli qanotlari bilan ajralib turadi.