Sindorov jamoasi “Global Chess League”da 3-o‘ringa da’vogar
Bugun, 23 dekabr kuni Hindistonning Mumbay shahrida shaxmat bo‘yicha 6 ta jamoa ishtirokida o‘tayotgan “Global Chess League” xalqaro turnirining yarim final va final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha o‘tgan so‘nggi tur o‘yinlarida Javohir Sindorov dona surayotgan “Ganges Grandmasters” jamoasi Hikaru Nakamura sardorligidagi “American Gambits” jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi.

Mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat turnirning yarim final masalasiga oydinlik kiritiladigan hal qiluvchi bahsda 12-3 hisobida “Ganges Grandmasters” jamoasi g‘alaba qozondi. Jamoa sardorlari Anand- Nakamura va yetakchilar Sindorov-Rapport o‘rtasidagi o‘yinlarda durang qayd etilgan bo‘lsa, qolgan bahslarda “Ganges Grandmasters” vakillari ustunlikka erishdi.

Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, "Triveni Continental Kings” va “Alpine SG Pipers” jamoalari 1 va 2-o‘rinlar uchun kurashsa, "Ganges Grandmasters” va “PBG Alaskan Knights” jamoalari 3-o‘ringa da’vogarlik qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA