Simeone: “Alvaresga yordam beramiz, u ajoyib futbolchi”
U shaxsiy qiyinchiliklarga duch keldi.
Madridning “Atletiko” klubi bosh murabbiyi Diego Simeone hujumchi Xulian Alvares atrofidagi vaziyat haqida fikr bildirdi.
26 yoshli argentinalik futbolchi psixologik muammolar sabab “Sevilya”ga qarshi La Liga uchrashuvi uchun qaydnomaga kiritilmadi. “Atletiko” mazkur bahsda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Ma’lum qilinishicha, Alvares faoliyatini “Barselona”da davom ettirishni istamoqda, biroq Madrid klubi o‘z futbolchisini to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibiga sotishni xohlamayapti.
“U shaxsiy qiyinchiliklarga duch keldi. Yana bir bor aytaman: sport bilan bog‘liq barcha masalalarda unga yordam beramiz. U ham bizga yordam beradi, chunki Xulian — ajoyib futbolchi.
Transferlar? Har qanday voqea yuz berishi mumkin. Buni aynan Alvares bilan bog‘liq vaziyat tufayli aytayotganim yo‘q. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin”, — dedi Simeone.
Mish-mishlarga ko‘ra, “Atletiko” Alvaresni 150 million yevro evaziga “Arsenal”ga sotishga tayyor. Biroq futbolchining o‘zi Angliyaga qaytishni istamayapti.