Sifatsiz yuvish vositasi savdodan olindi
Jizzax viloyatida standart talablariga javob bermaydigan “HAVEN” brendi ostidagi yuvish vositalari savdo rastalaridan olib tashlandi va belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Bu chora Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi viloyat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat xaridi davomida amalga oshirildi. O‘tkazilgan laboratoriya tahlillari ushbu mahsulotning iste’mol uchun yaroqsiz va xavfli ekanini ko‘rsatdi.
Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mahsulot tarkibidagi faol moddalarning massaviy ulushi belgilangan me’yorlarga mos kelmagan. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi tomonidan amaldagi standart belgilarining ko‘rsatilmagani, sertifikat mavjud bo‘lmasa-da, qadoqlarga soxta muvofiqlik belgilarining tushirilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, mahsulot yorlig‘ida iste’molchilar uchun muhim bo‘lgan saqlash shartlari va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalar mavjud emasligi ham jiddiy qonunbuzilishi sifatida qayd etildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA