Qaror va sharh
Dehqon undan-bundan orttirib, bir gektar yerga kartoshka ekib, sakson million so‘m xarajat qiladi. Yer zo‘r, parvarishda muammo bo‘lishi mumkin emas. Lekin yil oxirida do‘ppini yonga olib hisob-kitob qilsa, natija ko‘ngildagidek emas. Foyda tugul, sarflangan pul ham chiqmagan. Qishloq xo‘jaligi urug‘chiligidagi muammo mana shunday alamli bo‘ladi.
Prezidentning 2025 yil 8 sentyabrda qabul qilingan “Respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ana shu kabi masalalarga qat’iy va mantiqiy yechim bo‘ladi.
Hujjatda har bir band, uning ijrochisi, vazifani bajarish tartib va muddatlari aniq ko‘rsatilgan. Qaror mazmunini oddiy va xalqona tilda sharhlashga harakat qilamiz. Sharhimizda “in-vitro laboratoriyalari”, “mini-tuganaklar”, “virussiz urug‘” tushunchalarini qisqacha izohlaymiz.
Yangi hujjatga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab har yili 10 million donadan kam bo‘lmagan sifatli mini-tuganak yetishtiriladi. Laboratoriyalarda “in-vitro” usulida yetishtiriladigan mini-tuganaklar turli virus va bakteriyalardan xoli bo‘ladi. Olimlarning fikricha, ana shu urug‘dan yetishtirilgan kartoshka hosili oddiy urug‘dan kamida ikki barobar yuqori bo‘ladi. Qaror doirasidagi tahlillar 2030 yilga borib respublikada kartoshkaning o‘rtacha hosildorligi 16–17 tonnadan 25–30 tonnaga ko‘tarilishini ko‘rsatadi.
Bu natijaga qanday erishiladi? Endi urug‘ tayyorlashda zamonaviy ilmiy usullar qo‘llanadi. Laboratoriyalarda virusdan xoli, toza urug‘ yetishtiriladi. Eng muhimi, o‘sha urug‘dan hosil olish natijasi oldindan ma’lum bo‘ladi. Bu degani, dehqon “qurolsiz jangga” kirmaydi, balki sifatli urug‘ bilan ishga kirishadi.
Qarorda urug‘ tayyorlash va tarqatishning aniq tartibi belgilab berildi. Ilmiy muassasalar va tadbirkorlar yetishtirgan mini-tuganaklar maxsus korxona orqali ko‘paytiriladi, keyin esa fermerlarga yetkaziladi. Hammasi raqamli tizimda hisobga olinadi. Bu degani – har bir urug‘ning “hujjati” bo‘ladi. Fermer qayerdan, qaysi avlod urug‘ini olayotganini aniq biladi.
Davlat yordami masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Har yili ma’lum mablag‘ laboratoriya xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi. Fermer esa imtiyozli kredit oladi. Sug‘orishda ishlatiladigan elektr xarajatining tegishli qismi davlat hisobidan qoplanadi. Quyosh panellari uchun qilingan sarfning yarmi ham davlatdan qaytariladi. Bunday yordam dehqonning yukini yengillashtiradi.
– Prezidentimizning yangi qarori bilan kartoshkani innovatsion usullarda yetishtirish, sifatli urug‘larni import qilish va yetishtirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi, – deydi “Bulung‘ur – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi direktori Murodjon Bozorboyev. – O‘rganishlarimiz natijasiga ko‘ra, tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari sifatli kartoshka urug‘i bilan doimiy ta’minlanishda muammolarga duch kelgan. Bu holat kartoshka yetishtirishga bo‘lgan qiziqishning pasayishiga sabab bo‘lgan. Ushbu qarorda kartoshka urug‘chiligini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan bizning korxonaga uchta ilmiy-tadqiqot instituti biriktirib berildi. Bu muassasalar yiliga bir yarim million donagacha kartoshkaning mini urug‘larini yetkazib beradi. Mazkur urug‘ yaratilishiga ketadigan vaqt davomida kartoshka importi masalalarini yechish yo‘llari ham ko‘rsatib berildi. Bugungi kunda Niderlandiyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusi yil ertagi va kechki mavsumga olti ming tonna urug‘ import qilib, kartoshkachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarga yetkazib beramiz. Yuqori sifatdagi import urug‘larni saqlash bo‘yicha agrokompleks majmuasini tashkil qilyapmiz. Buning tarkibida urug‘chilik seleksiyasi, omborxonalar va tomorqa maktablari bo‘ladi.
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida namunaviy agrokompleks qurilishida nimalar nazarda tutilgan? Bu yerda kartoshka yetishtirishdan tortib, yig‘ib olishgacha bo‘lgan jarayonlar avtomatlashtiriladi. Agar tajriba o‘zini oqlasa, keyinchalik boshqa hududlarda ham shunday zamonaviy tizimlar tashkil etiladi.
Qaror texnika masalasini ham chetlab o‘tmadi. 2030 yilgacha fermerlar kartoshka yetishtirish uchun zamonaviy texnikadan foydalanishlari mumkin. Ularni olib kirishda bojxona to‘lovlari va soliqlar yengillashtiriladi. Bu ish unumdorligini oshirib, sifatni kafolatlaydi.
Eng katta yangiliklardan biri urug‘chilikda nazoratning kuchaytirilishidir. 2026 yildan boshlab QR kodsiz urug‘ ekish mumkin emas. Bu harakat sifatsiz va soxta urug‘lar tarqalishiga chek qo‘yish deganidir. Chunki fermer qo‘lidagi urug‘ning sifatli ekanini davlatning o‘zi kafolatlaydi.
Qarorning tegishli bandlarida nazarda tutilgan tadbirlarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun xorijdan malakali agronom va texnologlarni jalb qilish ham ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda bu yo‘nalishdagi xalqaro tajribalarga ham e’tibor qaratsak. Niderlandiya dunyodagi eng yirik urug‘lik kartoshka yetkazib beruvchi davlat hisoblanadi. U yerda ilmiy laboratoriyalar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida to‘liq zanjir yo‘lga qo‘yilgan. Natijada hosildorlik juda yuqori bo‘lishiga erishilgan.
Hindistonda esa davlat va xususiy sektor hamkorligida amalga oshirilgan “kartoshka inkubatorlari” loyihasi 10 yil ichida hosildorlikni ikki barobar oshirdi. Irlandiya va Polshada virusdan xoli urug‘ tayyorlash orqali ichki bozor to‘ydirilib, eksport imkoniyatlari ham oshgan.
O‘zbekistonda bu borada shunday yo‘l tanlanmoqda. Prezident qarorida belgilangan vazifalar izchil bajarilsa, kelgusida kutilgan natijalarga albatta erishamiz.
Qarorning mohiyati ham oddiy – kartoshka yetishtirishni tasodifiy jarayondan chiqarish lozim. Bu yo‘nalish ilmiy asosga ega bo‘lishi kerak. Zero, sifatsiz urug‘ni yerga qadayotgan dehqon qulfni kalitsiz ochishga urinayotgan kishiga o‘xshaydi. Bir so‘z bilan aytganda dehqonga sifatli urug‘ berish, uning xarajatlarini kamaytirish va bozorni sifatli hosil bilan ta’minlash muhim masala.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/FwYUDeEWaM8" title="Qaror va sharh: kartoshka urug‘chiligida yangi davr boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV,
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video), O‘zA