Sifatsiz neft mahsulotlari sotilishiga chek qo‘yildi –“O‘zenergoinspeksiya”
Hududlarda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida sifatsiz neft mahsulotlarini realizatsiya qilish hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qator holatlar aniqlanmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyevning xabar berishicha, Andijon viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “Q.T.O” MCHJga qarashli AYOQSHda dizel yoqilg‘isi laboratoriyada tahlil qilinganda, uning davlat standartlari talablariga mos kelmasligi aniqlangan.
Mazkur qoidabuzarlik uchun realizatsiya qilingan neft mahsulotining 50 foizi miqdorida, ya’ni 11,5 million so‘m jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, AYOQSHda saqlanayotgan neft mahsulotining sifatini qayta tiklash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Qarshi shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida esa “N. A. S.” MCHJga qarashli AYOQSHda AI-92 markali avtobenzin laboratoriyada tahlil qilinganda, uning davlat standartlari talablariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsizligi aniqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik uchun realizatsiya qilingan neft mahsulotining 50 foizi miqdorida, ya’ni 14,5 million so‘m jarima belgilangan. Shuningdek, AYOQSHda qoldiq sifatida saqlanayotgan neft mahsulotining sifatini qayta tiklash lozimligi bo‘yicha talab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida “A.H.” xususiy korxonasiga qarashli g‘isht ishlab chiqarish sexida hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 745 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida “N.S.Ch.” fermer xo‘jaligiga qarashli suv nasoslarida ham hisoblagichning ulanish sxemasi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgani aniqlanib, 623 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Bo‘stonliq tumanida fuqaro Q.F.ga qarashli noturar binoda ham shunday qoidabuzarlik qayd etildi. Buning oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 78 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Inspeksiya mutasaddilari elektr energiyasidan noqonuniy va behuda foydalanish, shuningdek, neft mahsulotlarining belgilangan sifat talablariga javob bermasligi qonunchilikda javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib, iste’molchilar va tadbirkorlarni amaldagi talablarga qat’iy rioya qilish zarurligini ta’kidlamoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA