Poytaxtimizdagi dehqon bozorlarida bayramoldi savdo yarmarkalari ish boshladi
Ushbu yarmarkalar 2017-yilning 5-yanvariga qadar davom etadi.
“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tomonidan poytaxtimizdagi dehqon bozorlarida bayramoldi savdo yarmarkalari tashkil etildi. Yangi yil dasturxoni uchun xarid qilinadigan barcha mahsulotlar naqd pul hamda plastik kartochkalar orqali sotilmoqda.– Keyingi o‘n kun oralig‘ida poytaxtimizdagi yirik bozorlarda uch ming tonna atrofida kartoshka, qariyb 100 tonna guruch, 370 tonnadan ortiq piyoz sotildi, – deydi “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi o‘rinbosari Ne’matjon Ahmadjonov. – Shuningdek, 550 million so‘mlikdan ziyod meva-sabzavot, tovuq go‘shti, sut, go‘sht va meva-sabzavot konservalari, qandolat mahsulotlari, yormalar, baliq va baliq konservalarini arzon narxlarda aholiga yetkazib bermoqdamiz.
Ta’kidlash joizki, qish boshlanib, pishiqchilik mavsumidan ancha uzoqlashgan bo‘lsak ham, yurtimiz bozorlarida sarxil meva va poliz mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi ko‘zni quvontiradi. Shu kunlarda dehqon bozorlari gavjumlashib, to‘kinlik yanada oshgan. Narxlarda doimiy barqarorlik. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, qish-bahor oylarida ichki iste’mol bozoriga bosqichma-bosqich yetkazib berish maqsadida mamlakatimizda 660 ming tonnadan ziyod asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxiraga jamg‘arilgan. Jumladan, uyushma tizimidagi savdo-tayyorlov korxonalari omborlariga 100 ming tonnadan ziyod mahsulot g‘amlangan. Qariyb 27 ming tonna kartoshka, 16 ming tonna piyoz, 12 ming 600 tonna sabzi, salkam 11 ming tonna meva, 5 ming tonnadan ziyod poliz, 22 ming tonnadan ortiq guruch va dukkakli mahsulotlar shular sirasidandir.
Uyushma tizimidagi savdo-tayyorlov korxonalari mamlakatimizning barcha hududlarida 80 dan ortiq, jumladan, Toshkent shahridagi Aviasozlar, Navro‘z, Farhod, Oloy va Sirg‘ali dehqon bozorlarida bayramoldi yarmarkasini tashkil etdi. Misol uchun, Navro‘z dehqon bozoriga «Vodiy saxovati agroinvest ulgurjisavdo», «Qashqadaryo ulgurji savdo invest», «Xorazmoziqovqatmollari» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari biriktirilgan. «To‘rtko‘l», «Yuksalish ulgurji savdo eksport», «Yangiyo‘l oziq-ovqat savdo» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari Sirg‘ali dehqon bozorida o‘z sarxil mahsulotlari bilan bozor fayzini yanada oshirmoqda.
Rastalardagi kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, keng assortimentdagi oziq-ovqatlar, qayta ishlangan mahsulotlar va ichimliklar o‘zining sifati va maqbul narxi bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda.

– Bobodehqonlarimizning samarali mehnatlari tufayli ayni kunlarda ham bozorlarimizda sarxil meva-sabzavotlarni arzon narxlarda, tanlab xarid qilish imkoniyati mavjud, – deydi Oloy dehqon bozoridan mahsulot xarid qilayotgan Mavluda Olloyorova. – Ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ko‘payib, sifatli mahsulotlar mo‘l-ko‘l bo‘lmoqda. Mahsulotlar sifatli, narxi ham arzon. Bularning barchasi yurtimizda oilalar mustahkamligi, xalqimiz farovonligi ziyoda bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar dehqon bozorlarini tartibga solish, sanitariya holatini yaxshilash, asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxini barqaror saqlashni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi asosida tashkil etilgan ushbu yarmarkalar 5-yanvarga qadar davom etadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahar dehqon bozorlarini tartibga solish, sanitariya holatini yaxshilash, asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxini barqaror saqlashni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi asosida tashkil etilgan ushbu yarmarkalar 5-yanvarga qadar davom etadi.