Sifatli urug‘ – barqaror hosil garovi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishonchli ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda sifatli urug‘lik bazasini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar sohada shaffoflikni ta’minlash, nazorat tizimini kuchaytirish hamda yuqori hosildorlikka erishishga xizmat qilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 641-son qarori 5-ilovasi bilan tasdiqlangan ijrosi doirasida 2026-yil hosili uchun tayyorlangan va import qilingan urug‘lik chigitlarning sifati qat’iy nazoratga olingan.

Mazkur jarayonlarda urug‘liklarni dorilash, saqlash, raqamli QR-kodli yorliqlash hamda ularning ekishga yaroqliligi bo‘yicha xulosalar berish ishlari “O‘zagroinspeksiya” mutaxassislari tomonidan izchil amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” qoshidagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi davlat muassasasi tomonidan joriy yil 26-mart holatiga ko‘ra, 2026-yil hosili uchun jami 30 ming tonnadan ortiq urug‘lik chigit namunalari tanlab olinib, belgilangan tartibda tahlil qilingan.
Jumladan, 19 ming 236 tonna mahalliy tayyorlangan, 2 ming 743 tonna o‘tgan yillardan qolgan xorijiy va 8 ming 501 tonna import qilingan urug‘lik chigitlar davlat standarti talablari asosida ekishboplik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.
Sinov jarayonlari zamonaviy talablar asosida, ochiqlik va xolislik tamoyillariga qat’iy amal qilingan holda olib borilmoqda. Natijada 21 ming 717 tonna urug‘lik chigit ekish uchun yaroqli deb topilib, tegishli xulosalar agrosert.uz axborot tizimi orqali buyurtmachilarga taqdim etildi.

Shu bilan birga, 1 ming 6 tonna urug‘lik chigit ekish uchun yaroqsiz deb topilib, bu haqda tegishli xulosalar va ogohlantirishlar yetkazildi. Ayni paytda 7 ming 757 tonna urug‘lik namunalari bo‘yicha sinov ishlari davom etmoqda.
Qayd etish joiz, urug‘lik sifati ustidan kuchaytirilgan nazorat tizimi qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish, resurslardan samarali foydalanish hamda fermer va dehqonlar manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Umuman olganda, urug‘lik chigitlarning sifati va ekishbopligini ta’minlashga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar 2026-yil hosili barqarorligiga zamin yaratib, mamlakatimiz agrar sohasining izchil rivojlanishiga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA