Sifatli ta’mir – sovuq kunlar uchun muhim kafolat
Kuz-qish mavsumi nurchilar faoliyatida ham eng muhim davr hisoblanadi. Negaki, mavsumni betalafot o‘tkazish ularning sifatli taraddudi bilan bog‘liq. Shu bois, ushbu jarayonga bu tizimda mehnat qilayotgan har bir xodim katta mas’uliyat bilan yondashib, o‘z vazifasini pishiq-puxta bajarishga odatlangan.
bugungi kunda mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishning asosiy yuki “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalarga tushadi. Ushbu manbaning 80 foizga yaqini aynan mazkur korxonalar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Albatta, bunday mas’uliyat va javobgarlik tizim jamoasini kuz-qish mavsumiga ham katta tayyorgarlik ko‘rib, uni muvaffaqiyatli o‘tkazishga undaydi.
Xo‘sh, bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalar 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirdi?
Bu savolga “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati Yoqilg‘i ta’minoti va transport boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Muhiddinov quyidagicha javob berdi.
– Maqsadimiz talab va ehtiyojni qondirish. Shu sababli maqsadimiz nafaqat elektr energiya ishlab chiqarish, balki ulkan qurilmalarning samarali va to‘xtovsiz ishlashini ham ta’minlashga qaratiladi. Bunda kuz-qish mavsumi biz uchun katta sinov va unga bor e’tiborimizni qaratamiz. Bu yilgi taraddud o‘tgan yillarga nisbatan ham qat’iy talablar asosida amalga oshirildi. Ya’ni, 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish va mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, barcha elektr stansiyalar mavsumga to‘liq shay holatga keltirildi. Mavsumga elektr stansiyalarni tayyorlash ishlarini sifatli tashkil etish uchun 380 ta banddan iborat qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olinib, hozirda barcha rejalashtirilgan ishlar to‘liq amalga oshirildi. Rejaga muvofiq, 30 ta, shu jumladan, 12 ta energoblok, 1 ta turboagregat, 9 ta qozonagregati, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta gaz-turbina qurilmasi mukammal ta’mirlandi. Barqarorlikni oshirish maqsadida qo‘shimcha ravishda 19 ta energoblok, 16 ta qozon agregati, 10 ta turboagregat, 2 ta bug‘-gaz qurilmasi va 2 ta gaz turbina qurilmalarida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. 55 ta blok transformatorlarida mukammal, o‘rta ta’mir ishlari bajarildi. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini yuqori kuchlanuvchi liniyalarga sifatli va uzluksiz uzatilishini ta’minlash maqsadida elektr stansiyalardagi 35-110-220-500 kV ochiq taqsimlash uskunalari texnik holatni tekshirish va sozlash ishlari olib borildi, – dedi Muzaffar Muhiddinov.
[gallery-9368]
Aytish joizki, ta’mirlash ishlarida nafaqat mahalliy, balki AQSHning “General Electric”, Rossiyaning “Silovыye mashinы”, “Kalujskiy turbinnыy zavod” va “Taganrogskiy kotelostroitelnыy zavod”, Yaponiyaning “Mitsubishi Hitachi Power Systems”, Janubiy Koreyaning “Hyundai” konsorsiumi vakillari ham ishtirok etdi. Bu esa mavsum yumushlarining sifatli bo‘lishida muhim omillardandir.
Yoqilg‘ini qabul qilish, saqlash va undan foydalanish tizimi ishi juda muhim. Shu sababli, ushbu tizim ham texnik nazoratdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi va mavsumga shay qilindi. Jumladan, elektr stansiyalarning yoqilg‘i ta’minoti ishonchliligini ta’minlash maqsadida “Tolimarjon IES” AJ, Navoiy IES gaz tarmog‘iga qo‘shimcha gaz filtrlarini o‘rnatish, To‘raqo‘rg‘on IES bug‘-gaz qurilmalari gaz siqish kompressorlarini ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Elektr stansiyalarida zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari uchun yoqilg‘ining energobloklarga sifatli uzatish tizimi mustahkamligini ta’minlash uchun stansiyalarda 1-pog‘ona uchun 3 ming 304 ta va 2-pog‘ona uchun 2 ming 532 ta havo filtrlari zaxirasi yaratilgan.
– Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini betalofat, uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida mas’ul mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, tizim tarkibiga kiruvchi elektr stansiyalarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun yuborildi, – dedi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov. – Ishchi guruhi tomonidan bugungi kunga qadar energoqurilmalarda 1000 tadan ortiq asosiy va yordamchi uskunalarda profilaktik tekshiruvlar, sinov-sozlash ishlari olib borildi. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparatida Situatsion – tahliliy onlayn-dispetcherlik markazi tashkil etildi. Markaz real vaqt rejimida joylardagi elektr stansiyalar dispetcherlik markazlarini operativ boshqarish va uning ishonchli ishlashini ta’minlash, elektr energiyasiga bo‘lgan talab hamda taklifdan kelib chiqib har soatlik rejimni shakllantirish, stansiyalarning texnik-iqtisodiy jihatdan eng maqbul rejimlarda ishlashini ta’minlash, avariya rejimlari yuzaga kelishining oldini olish, ularni bartaraf etish va tizimning qayta ishonchliligini tiklashga xizmat qiladi.
Korxonalarda tunu kun faoliyat olib boruvchi shtab tashkil qilingan bo‘lib, ishdagi energoqurilmalar holati doimiy onlayn nazorat ostiga olingan. Barcha tizim tashkilotlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va mas’ul mansabdor shaxslari 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi belgilandi.
Toshkent issiqlik elektr stansiyasi ham jamiyat tizimidagi korxonalardan. Ushbu korxona ko‘p yillik faoliyati davomida aholi va iste’molchilarga elektr energiyasini barqaror ta’minlab keladi. bugungi kunda ushbu stansiyada ming nafardan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qiladi.
– Korxonamiz jamoasi kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rib, ayni kunad barcha qurilmalar tayyor holatga keltirilgan, – dedi mazkur stansiya bosh direktori Bekzod Bo‘ronboyev. – Bu yilgi rejaga asosan 4 ta joriy va o‘rta ta’mir ishlari bajarildi. Jumladan, bunday ta’mir ishlari 4 ta energoblok, bitta bug‘-gaz qurilmasi va 4 ta transformatorda amalga oshirildi. Bu esa nafaqat mamlakatimiz, balki qo‘shni davlat bilan bog‘liq liniyalar orqali ham elektr energiyasini barqaror va ishonchli ta’minlab berish kafolatini beradi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri