O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rtinchi yiliga ham tobora yaqinlashmoqdamiz. Bu vaqt tarix uchun qisqa bir davrni tashkil etsa-da, ma’lum bir xulosalar, saboqlar chiqarishga yetarli deb o‘ylayman.
To‘g‘risi, biz mustaqillikning dastlabki o‘n yilini tirikchilik g‘amida o‘tkazdik. Yetishmovchilik, xavf-xatar, inqirozga uchragan iqtisodiyot, butunlay tanazzulga yuz tutgan aloqalar iskanjasida qolgandik. G‘alla mustaqilligi biz uchun hayot-mamot masalasiga aylangandi. Odamlar iqtisodiyotni emas, iqtisodiyot odamlarni boshqargan zamonlarni ko‘rdik.
O‘sha davrlarda biz yo‘l qo‘ygan eng mudhish xatolardan biri — ta’lim-tarbiya sohasiga yetarli darajada e’tibor bermaganimiz bo‘ldi. Achchiq bo‘lsa ham aytaman, buning badalini hali-haligacha to‘lashga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zi shundoq ham yetishmaydigan, ota-onalar farzandlarini joylashtirish uchun yillab navbat kutadigan bolalar bog‘chalari tugatildi. Binolari talon-toroj qilindi. Bolalar aqliy jihatdan rivojlanadigan eng muhim davrida uylariga qamaldi. Bobo-buvilar, ota-onalar ishdan qaytguncha ularga intizor bo‘lishdi.
Maktablar ayanchli ahvolga kelib qolgandi. Asosan ota-onalardan majburan yig‘ib olingan arzimas pul evaziga nomiga ta’mirlanardi. O‘qituvchining bo‘yniga esa mustamlaka tuzumdan o‘tib kelgan majburiy mehnat bo‘yinturug‘i osib qo‘yilgandi. Buning natijasida O‘zbekistonda ta’lim tizimi tanazzulga yuz tutdi. Muallim maktabni tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishning korrupsion usullari o‘ylab topildi. Maktab ta’limi qaysidir ma’noda o‘quvchilarga nimadir berayotgan bir holatda kollejlar qurilib, o‘quvchilar tahsilni u yerda davom ettirishga majbur qilindi. O‘tgan davr shuni ko‘rsatdiki, bu borada ham biz xatoga yo‘l qo‘ygan ekanmiz. Qisqasi, qaysi tomondan qarasangiz ham ta’lim ayanchli, ojiz ahvolga keltirildi. Bunday bir vaziyatda ta’lim sifati haqida gapirishning o‘zi mantiqsizlik edi.
Xullas, O‘zbekistonning yangi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevga tanazzulga yuz tutgan ta’lim sohasi meros bo‘lib qolgandi. O‘tgan o‘n yil yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etishga sarflandi.
Bu davrda maktabgacha ta’lim sohasi tiklandi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va bu muassasalar e’tibordan chetda qolayotgan bolalarni to‘la qamrab olishga kirishdi. Farzandlarimiz maktabga tayyorlanish bosqichidan bahramand bo‘lishdi. Mamlakatda bu borada butun boshli tizim yangidan yaratildi.
O‘n bir yillik umumiy ta’lim qaytadan joriy etildi. Yangi maktablar qurildi, mavjudlari kapital ta’mirlandi, moddiy-texnika bazasi yaxshilandi. O‘zini oqlamagan kollejlar esa tugatilib, samarasiz urinishlarga barham berildi.
Eng muhimi, maktab va oliy o‘quv yurti o‘qituvchilarining yelkasidan “majburiy mehnat” degan “tog‘” olib tashlandi. Maoshlari ko‘tarildi. Shu bilan bir qatorda, oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirishning butunlay shaffof mexanizmi yaratildi, yoshlarni qamrab olish darajasi bir necha barobar oshirildi.
Nazarimda bu natijalarga osonlikcha erishilgani yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi bilan juda katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Va bu jarayon davom etmoqda. Buning uchun ulkan mablag‘ sarflanyapti. Mehnat va zahmatlarni esa aytmasa ham bo‘ladi.
Bir qarasak, ta’lim islohiga daxldor muammolar yechilganday tuyuladi. Biroq bugun millat, mamlakat, Prezident nimaga ehtiyoj sezmoqda? Ta’lim sohasida tub burilish yasash uchun qaysi masalalarga e’tibor qaratish joiz? Nima qilsak, jahon ta’lim standartlariga moslashamiz? Bugun bizni nima tashvishga solishi kerak?
Bugun O‘zbekiston aynan sifatli ta’limga muhtoj.
Millatning qayg‘usi ham faqat va faqat sifatli ta’lim bo‘lishi kerak. Sifatli ta’lim berish, eng avvalo, barcha darajadagi o‘qituvchilarning bosh vazifasiga aylanishi zarur. Farzandining chuqur bilim olishi borasida ota-onaning ham, jamoatchilikning ham mas’uliyati oshirilishi kerak. Aslida sifatli ta’limdan eng manfaatdor insonlar ota-onalardir. Bu manfaat ko‘lami yanada kengayib, davlat va jamiyatni ham qamrab oladi.
Bugun biz anglamayotgan haqiqatlar ertaga bizdan shafqatsizlarcha “qasd olishi” mumkin. Shu bois son ortidan quvishni to‘xtatib, tezroq sifatga qaytishimiz kerak. Sifat maktabgacha ta’lim tizimidan boshlanib, maktabda rivojlanishi, oliy o‘quv yurtida mustahkamlanishi shart. Ta’lim sifati atrofida o‘qituvchi ham, ota-ona ham, jamiyat ham birlashishi, bir yoqadan bosh chiqarishi darkor.
Baxt-saodatga faqat va faqat farzandlarga sifatli ta’lim, bilim berish orqali erishiladi. Boshqa yo‘l bilan hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi. Sifatli ta’limgina millatni yuksaltiradi, mamlakatni taraqqiy ettiradi. Bu jarayonlar tabiiy yuz beradi — inqilobiy emas, evolyutsion rivojlanish sodir bo‘ladi.
Mamlakatimiz milliy mustaqilligini ta’minlaydigan, barqaror saqlaydigan yagona omil bu — sifatli ta’lim!
Yangi dunyoda mustaqillikka sifatli va zamonaviy ta’lim orqali erishish, ilm-fanni rivojlantirish orqali uni saqlab qolish va yuksaltirish qonuniyati hukm surmoqda. Hayot sifati oshishini istagan xalq buni yaxshi anglab yetishi kerak. Rivojlangan mamlakatlar o‘zidan o‘zi bugungi hayot darajasiga kelib qolmagan. Buning zamirida, avvalo, sifatli ta’lim yotibdi. Islohot aslida aynan shundan boshlanishi kerak. Aks holda muqarrar mag‘lubiyatga yuz tutadi.
Dunyo xaritasidagi mamlakatlarni bir ko‘z oldingizga keltiring. Qaysi zaminda ta’lim sifatiga bosh masala sifatida qaralgan, ilm-fan yuksalgan bo‘lsa o‘sha mamlakat taraqqiy etgan bo‘lib chiqadi. Bugungi Yevropa mamlakatlari ham ayni shu yo‘ldan borgani kunday ravshan. Busiz hech narsaga erishib bo‘lmasdi.
Muammolar, qiyinchiliklar, qashshoqlik, qaramlik, qullik faqat bir vosita — ilm-fan va sifatli ta’lim orqali bartaraf etiladi.
1945 yil 6, 9 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga AQSH tomonidan atom bombasi tashlanadi. Bu haqda o‘sha paytdagi AQSH Prezidenti Garri Trumen shunday degan edi: “Biz insoniyat tarixida juda ham dahshatli qurol yaratdik. Bu quroldan faqat bir davlat — Yaponiyaga qarshi foydalanamiz. Bunda harbiy ob’ektlar, askarlar va dengiz kuchlari nishonga olinadi. Mayli, yaponlar yovvoyi, qattiqqo‘l va rahmsiz millat bo‘lsa ham, biz xalq manfaati yo‘lida na yangi, na eski poytaxtga bu bombani tashlay olmaymiz...”
1945 yil 2 sentyabrda Tokio qo‘ltig‘ida Yaponiyaning so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi hujjat imzolanadi. Yaponiyaga nisbatan xalqaro hamjamiyat juda katta cheklovlar kiritadi.
Bunday tanazzulli kunlarni yaponlar qanday yengib o‘tdi? Qanday qilib yaponlar dunyoning eng rivojlangan davlatlari safiga qo‘shildi? Qanday qilib Yaponiya hech qanday tabiiy boyliklarsiz dunyoning eng yuksak iqtisodiyotiga ega bo‘ldi? Bu savollarga birgina javob bor: sifatli ta’lim Yaponiyani tanazzul botqog‘idan olib chiqdi.
Nega Yaponiyaning o‘tgan asr o‘rtalaridagi ahvoliga to‘xtaldim? Buning boisi najot sifatli ta’limda ekanligiga e’tiboringizni qaratishdir. Sifatli ta’lim va ilm-fan dunyoni, kuch-qudratni, jaholatni tiz cho‘ktira olganiga barchamiz guvohmiz. Bugun butun dunyoni hayratga solayotgan Xitoy mo‘’jizasi, Singapur salohiyati, Malayziya ma’rifati zamirida ham, eng avvalo, sifatli ta’lim turibdi.
“Sifatli ta’lim” iborasini bejiz takror va takror ishlatayotganim yo‘q. Ijtimoiy-iqtisodiy talabdan past, samarasiz ta’lim, ayniqsa, u solishtirma miqdori jihatidan sifatli ta’lim ulushiga nisbatan ustunlik qilganda, teskari samara berib, jamiyatning barqaror rivojlanish vektoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va tuzatish qiyin bo‘lgan vaziyatga olib keladi.
Bugun dunyo o‘ta raqobatli makonga aylandi. Faqat juda sifatli tovarlar va xizmatlar tan olinmoqda. Bunga esa sifatli ta’lim tufayligina erishish mumkin. Shu jihatdan, uni mubolag‘asiz, lokomotivga qiyoslasa bo‘ladi.
Sifatli ta’limning boshida millat oydinlari, ziyolilar turishi kerak.
Agar o‘qituvchi vatanparvar, millatparvar bo‘lsa, eng avvalo, o‘quvchiga yaxshi ta’lim beradi. O‘z naвбатида, o‘quvchi ham soxta bahoning, diplomning orqasidan quvmaydi.
Inkor etib bo‘lmaydi — ko‘pchilik, kerak bo‘lsa, jamiyat sifatli ta’limning temir qonuniyatlariga tayyor emas. Bardosh berolmaydi. Chunki sifatli ta’limda yolg‘on bo‘lmaydi. O‘qituvchi sifatli dars o‘tadi va o‘quvchidan ham qattiq talab qiladi. O‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlariga chetdan hech kim aralashmaydi.
Ota-ona ham ta’lim muassasasini, muallimni ayblash pozitsiyasidan chekinishi, voz kechishi, buning o‘rniga bolasining yaxshi ta’lim olishi uchun kurashishi, mutasaddilardan talab qilishi muhim ahamiyatga ega. O‘shanda biz bosqichma-bosqich sifatli ta’limga o‘ta olamiz. Aks holda sifatsiz ta’limning ayanchli oqibatlari ichida yashashga majburmiz.
Xo‘sh, sifatsiz ta’lim nima degani? Avvalo, u bilim bermaydigan maktab, mutaxassis tayyorlamaydigan oliy o‘quv yurti, savodsiz o‘qituvchi, noloyiq domla degani. Bunday muallim qo‘lida saboq olgan o‘quvchilarning umri behuda o‘tadi. Ular jamiyatning bilimsiz qatlamiga aylanadi. Sifatsiz ta’lim, bu — bilimsiz shifokor degani. Uning qo‘liga tushgan odam o‘lib qutuladi. Bu — fikrlash qobiliyati yo‘q, chalasavod odam degani. U jamiyatning qaysi bo‘g‘inida ishlamasin, o‘sha bo‘g‘inni cho‘ktiradi.
Sifatsiz ta’lim degani, bu — mamlakatning, millatning istiqboli yo‘q degani. Bunday xalq ro‘shnolik ko‘rmaydi. Sifat yo‘q joyda samara ham bo‘lmaydi.
Shu bois sifat o‘zgarishlari ta’limning barcha bo‘g‘inida yuz berishi kerak. Hamma mexanizmlar teng ishlashi zarur. Butun ta’lim tizimi sifat uchun barobar javobgar hisoblanishi kerak. Aks holda maktab maktabgacha ta’lim tashkilotini, oliy o‘quv yurti esa maktabni ayblab yuraveradi.
Dunyoda mamlakatlar ko‘p, xalqlar ko‘p. Ularning hammasi ham mustaqil, ozod emas. O‘sha mamlakatlar, millatlar tarixiga ko‘z tashlasangiz, ular o‘z erkini birovlarning qo‘liga berib qo‘yganiga, to‘g‘rirog‘i, boshqalarning intellektual qudratiga qaram bo‘lib qolganiga guvoh bo‘lasiz. Chuqurroq e’tibor berilsa, o‘sha davrlarda ular ma’rifatdan uzoqlashgan bo‘lib chiqadi. Buning oqibatida taraqqiyotdan ortda qolishgan. Loqaydlikka, beparvolikka berilib, yoshlar ta’lim-tarbiyasi arosatda qolgan. Natijada o‘z-o‘zlarini qullikka mahkum etishgan.
AQSHning birinchi Prezidenti Jorj Vashington aytgan: “Qachonki aholini savodli, hunarli, bir so‘z bilan aytganda, ma’rifatli qilsakkina, rivojlanish bo‘ladi.”
Bu so‘zlar bugun ham o‘ta dolzarb. Zero, XXI asr intellektual boylik asri hisoblanadi. Endilikda intellekt darajasi yuqori bo‘lgan millatlar va mamlakatlar hukmron bo‘ladi. Bu borada yer osti va yer usti boyliklari hech qanday o‘rin tutmaydi. Allaqachon intellekt birinchi darajaga ko‘tarilib bo‘lgan.
Xomashyolarga boy bo‘lgan davlatlarni intellekti yuqori mamlakatlar “yutib” yuborayotganini, tabiiy resurslarga ega yurtlar ularga qaram bo‘lib qolayotganini ko‘rib turibmiz. Butun dunyoning aqli va bilimi intellekti rivojlangan davlatlarga to‘planayotgani ham bor gap. Natijada intellekt jam bo‘lgan davlatlar tobora taraqqiy etaveradi. Boshqalar esa ortda qolaveradi. Oqibatda aqliy qaramlik yuzaga keladi. Bu esa har qanday iqtisodiy-siyosiy qaramlikdan yomonroq, dahshatliroqdir.
Modomiki shunday ekan, millat o‘z kelajagini intellektual salohiyatning asosi bo‘lgan sifatli ta’limda ko‘rishi, u bo‘lmas ekan, yorug‘lik, ro‘shnolik yo‘qligini anglashi kerak. Binobarin, sifatli ta’lim berish ham, sifatli ta’lim olish ham aslida haqiqiy vatanparvarlik namunasidir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.