Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Sergeli tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan tuman ko‘chalari bo‘ylab o‘tkazilgan reyd tadbirida noma’lum sharoitlarda tayyorlangan, sifat va xavfsizligi kafolatlanmagan mors va kvas salqin ichimliklarining noqonuniy savdosi aniqlandi.
Mahsulotlarning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlari, idish qopqoqlari muhrlanmagani, sotuvchi tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan holda faoliyat yuritayotgani va mahsulot quyosh tig‘ida saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Iste’mol uchun xavfli bo‘lgan 480 litr mors va 440 litr mors va kvas salqin ichimliklari savdodan olinib, brakeraj qilindi. Sotuvchilarga noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifat va xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlar savdosiga qo‘yilgan taqiqlar yuzasidan ogohlantirishlar berildi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yoz faslida haroratning yuqori bo‘lishi oziq-ovqat mahsulotlarida bakteriyalar tez ko‘payishiga olib keladi. Ayniqsa, sut mahsulotlari, tuxum, go‘sht, parranda, baliq, qandolat va mevalar noto‘g‘ri saqlansa, ular orqali zaharlanish holatlari yuzaga kelishi mumkin. Eng katta xatolardan biri, tayyor taomlarni xona haroratida uzoq saqlash va xom sut iste’mol qilishdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 600 millionga yaqin inson sifatsiz yoki sifati buzilgan ovqat iste’moli oqibatida kasallanadi.
O‘zbekistonda 2025 yilning dastlabki 5 oyi davomida ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq 14 ta holat qayd etilgan. Ularda jami 42 nafar fuqaro jabrlangan, shulardan 17 nafari bolalardir. Aksariyat holatlarda uyda tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida botulizm kasalligi kelib chiqqan. Demak, bu borada aholi xabardorligini oshirish, ayniqsa, yozning issiq kunlarida ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi har qachongidan ham dolzarb.
Ko‘pincha iste’molchilar ovqat mahsulotining sifatini baholash imkoniga ega emas. Doim ham mahsulotning qayerdan kelgani, qanchalik yangi ekani yoki qanday sharoitda saqlangani haqida to‘liq ma’lumot olishning imkoni bo‘lmaydi. Boisi, bunday ma’lumotlarni oshxona va kafelarning barchasi ham taqdim etavermaydi. Demak, bunday vaziyatda xavf yanada ortadi.
Ana shularni inobatga olgan holda so‘ngi yillarda jamoat ovqatlanish joylarida mahsulot sifatini nazorat qilish bo‘yicha bir qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda, huquqiy bazani kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019 yilda ta’lim muassasalarida oziq-ovqat xavfsizligiga doir muhim hujjatlarning qabul qilingani kichik bir misoldir.
Bu masalaga bevosita mas’ul tashkilot sanalgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan 2024 yilda mamlakat bo‘ylab 20 ming 184 ta umumiy ovqatlanish korxonasida tekshiruv o‘tkazilgan. Ulardan 1 ming 512 tasida qonunbuzilish holatlari qayd etilgan.
Bir narsani unutmaslik kerakki, birgina ovqatlanish shoxobchasining sanitariya talablariga javob bermasligi o‘nlab, yuzlab insonlarning salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin. Aniqlangan 1 ming 512 ta qonunbuzilish holatlari esa o‘z vaqtida yanada ko‘proq iste’molchi salomatligi xavf ostida bo‘lganini anglatadi. Muhimi, tekshiruvlar natijasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlar bartaraf etilib, ko‘plab insonlar salomatligiga zarar yetishining oldi olingan.
Ammo faqat davlat organlarining nazorati bilan muammoni to‘liq hal etib bo‘lmaydi. Har birimiz iste’mol qilayotgan mahsulotlarimiz sifati haqida xabardor bo‘lishimiz, shart-sharoitlarga e’tibor qaratishimiz va shubhali taomlarni iste’mol qilmasligimiz lozim. Bu, nafaqat o‘z salomatligimiz, balki oila a’zolarimiz, ayniqsa, farzandlarimizning sog‘lig‘ini himoya qilish demakdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA