Sifat standarti – iqtisodiy taraqqiyot omili
Mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, xalqaro sifat standartlari asosida faoliyat ko‘rsatishga bo‘lgan e’tibor tufayli mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham mustahkam o‘rin egallashiga zamin yaratilmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, xalqaro sifat standartlari asosida faoliyat ko‘rsatishga bo‘lgan e’tibor tufayli mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham mustahkam o‘rin egallashiga zamin yaratilmoqda. Bunda sifatni boshqarish tizimlari joriy etilayotgani alohida ahamiyat kasb etayotir.Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 26-martdagi “Eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirishni kuchaytirish va raqobatbardosh mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni kengaytirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish yanada kengaydi.
– Mamlakatimizda sifatni boshqarish tizimlarini joriy etgan korxonalar soni ikki mingga yaqinlashdi, – deydi “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Respublika sinov va sertikafatlashtirish markazi xalqaro standart talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimlarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Aziz Rasulov. – Bu standart iste’molchilar hayoti, sog‘lig‘i va atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlarning kamayishi, ishlab chiqaruvchilar ustidan sifat bo‘yicha doimiy nazoratni amalga oshirish imkonini beradi.
Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “Master delikates” mas’uliyati cheklangan jamiyati ISO 9001 sertifikatiga ega bo‘lgach, faoliyati yanada rivojlana boshladi. Bir paytlar 10 xodim bilan kuniga 200 kilogramm go‘sht va kolbasa mahsulotlari tayyorlagan kichik sex bugun yirik ishlab chiqarish korxonasiga aylandi.
– Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga yangi texnologiyalar olib kirishda katta qulaylik va imtiyozlar berilgani rivojlanishimizga katta turtki berdi, – deydi “Master delikates” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’minot bo‘yicha ijrochi direktori Bahodir Nabixonov. – Zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarishimiz kengayishi, xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritishimizga olib keldi. Hozir yuzdan ortiq kishi mehnat qilayotgan korxonamizda kuniga olti tonnagacha o‘nlab xil kolbasa va go‘sht mahsulotlari tayyorlanmoqda. O‘tgan yili 100 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Joriy yilda eksport hajmi bir necha barobar oshishi kutilmoqda.
Tadbirkorlik subyektlariga yaqindan ko‘mak berish borasida “O‘zstandart” agentligi izchil faoliyat ko‘rsatmoqda. Eksport qiluvchi korxonalarga, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlariga mahsulotlarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish, ularni tashqi bozorlarga olib chiqish masalalarida ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tashkil etilgan.
Ishlab chiqaruvchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida agentlikning barcha hududiy markazlarining veb-saytlarida korxonalar uchun sifat tizimlarini joriy etishga oid hujjatlar namunalari joylashtirilgan. Ushbu masalada tadbirkorlik subyektlaridan onlayn ariza qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Murojaatlarning interaktiv qabul qilinishi ularning vaqti va mablag‘i tejalishiga imkon bermoqda.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tizimda standartlashtirish sohasidagi tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, hujjatlarni ekspertiza qilish muddati 15 kundan 10 kungacha, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati 5 kundan 3 kungacha qisqartirildi. “O‘zstandart” agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va Respublika tovar xomashyo birjasi o‘rtasida onlayn ish yuritish tizimi yo‘lga qo‘yilgani sababli tadbirkorlardan ortiqcha hujjat talab etilishiga chek qo‘yildi.
Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli 2015-yilda 748 korxona xalqaro standartlar talablari asosida sertifikatlashtirildi.
Ayni paytda agentlikning o‘ttizga yaqin sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralari mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi xalqaro miqyosda tan olingan.
“O‘zstandart” agentligi Xalqaro standartlashtirish tashkiloti, Davlatlararo standartlashtirish kengashi va Davlat metrologik muassasalarining Yevro-Osiyo hamkorligining to‘laqonli a’zosi.
Ular bilan tuzilgan bitimlarga asosan 50 mingga yaqin xalqaro standartlardan foydalanish imkoni yaratilgan. Sinov va sertifikatlashtirish, nazorat va ekspertiza sohasida yirik inspeksiya kompaniyasi “Societe Generakde Surveillance” (SGS) bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sinov natijalarining 140 dan ortiq davlatda tan olinishiga yo‘l ochildi.
Sirdaryo viloyatida Xitoyning “Brass Industry Co.Ltd.” kompaniyasi bilan birgalikda investitsiya hajmi 800 ming dollar bo‘lgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan qurilish materiallari va elektrotexnika mahsulotlarini sinash bo‘yicha laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda sertifikatlangan mahsulotlar katalogi yaratilmoqda. Uning elektron qidiruv tizimiga kiritilishi kelgusida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozorlarida munosib o‘rin egallashiga zamin yaratadi.