Si Szinpinning Hindistonga tashrifi diplomatik vaziyatni yumshatadi
"Reuters" axborot agentligi xabar berishicha, Xitoy Raisi Si Szinpinning Hindistonga uzoq kutilgan tashrifi yetti yildan so‘ng, shu hafta amalga oshishi mumkin. Bu tashrif ikki ulkan qo‘shni davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatni yanada iliqlashtirishi kutilyapti. Binobarin, hozircha ishbilarmonlik aloqalari yaxshilanishi belgilari kam.Tahlilchilar ta’kidlashicha, har ikki mamlakat biznesi hamon to‘siqlarga duch kelmoqda. Jumladan, muayyan qoidalar tufayli to‘xtab qolgan sarmoya, viza kechikishi va sanoat uskunalariga qo‘yilgan cheklov diplomatik va iqtisodiy taraqqiyot o‘rtasidagi farqni ko‘rsatmoqda.
BRIKSning yillik sammiti dam olish kunlari Dehlida bo‘lishi kutilayotganiga qaramay, Pekin hali yetakchining tashrifini tasdiqlamadi. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv haqida ham hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q. Ayni jihat o‘zaro munosabat istiqbolini belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Xitoy va Hindiston 1962-yil qisqa muddatli urushni boshdan kechirgan. 2020-yil chegara to‘qnashuvida 20 nafar hindistonlik va 4 xitoylik askar halok bo‘lgan. Shu tariqa anchayin keskin munosabatga zamin yaratilgan. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda aloqalar yaxshilandi. Ayniqsa Modi o‘tgan yil Xitoyga tashrif buyurgandan keyin va har ikki mamlakat AQSH bilan beqaror munosabatni boshdan kechirayotgan bir payt.
– Albatta, Xitoy aloqalar yaxshilanishini istaydi, – deydi Shanxaydagi Fudan universiteti Janubiy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi, Xitoyning Nyu-Dehlidagi elchixonasi sobiq diplomati Lin Min Vang. – Faqat biz Hindiston ham shunga tayyorligini ko‘rishimiz kerak.
Nyu-Dehlidagi “Observer Research Foundation” tahlil markazi vitse-prezidenti Xarsh Pant mamlakatlar o‘rtasida "ishonch taqchilligi" yuqoriligiga e’tibor qaratarkan, shunday qo‘shimcha qilgan:
– Xitoy iqtisodiy jihatdan qudratli. Mamlakatda o‘z kuchidan foydalanib, Hindiston bilan ishonchli hamkorga aylanish uchun yaxshi imkoniyat bor. Ayniqsa, har ikki davlat Amerikaning savdo siyosati ta’siriga duch kelganda.
Mart oyida Hindiston 2020-yildagi chegara to‘qnashuvidan so‘ng Xitoy sarmoyasiga qo‘yilgan ba’zi cheklovlarni, elektronika, kapital tovarlari va quyosh batareyalari sohalariga e’tibor qaratgan holda, biroz yumshatdi. Shuningdek, Hindiston va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida ba’zi yo‘nalishlarda tezroq qo‘shma korxonalar ochish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.
Hozirgacha Nyu-Dehli bir necha muhim loyiha, jumladan Hindistonning “Dixon Technologies” (DIXO.NS) kompaniyasi va Xitoyning “Vivo Mobile” smartfon ishlab chiqaruvchisi ishtirokida ishlab chiqarish korxonasini tasdiqladi.
Afsuski, bu BYD (002594.SZ) kabi avtomobil ishlab chiqaruvchisi va “Great Wall Motor” (601633.SS) kabi yetakchi Xitoy kompaniyalarini jalb qilish uchun yetarli emas.
– Umuman, Nyu-Dehli tomonidan kuchaytirilgan tekshiruv sabab Hindistonga rejalashtirilgan sarmoya to‘xtadi, – deydi hind hukumati manbasi.
– XXR kompaniyalari Hindistonga kiritmoqchi bo‘lgan sarmoya nuqtai nazaridan, Pekin tomoni, jumladan murakkab ishlab chiqarish va yuqori texnologiya bilan bog‘liq yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, – deydi yana bir manba.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “Reuters” agentligi muxbiriga ma’lum qilishicha, shu oy Qirg‘izistondagi mintaqaviy forumda Si Szinpin va Narendra Modi qisqa muddat uchrashgan. Ta’kidlanishicha, yetakchilar ikki davlatni o‘zaro raqobatchi emas, hamkor, deb hisoblaydi. Ular bir-birining rivojlanishiga tahdid emas, balki rag‘bat beradi. Har ikki davlat hamkorlikdan hikmat izlamoqda.
Abdag‘afur Mamatov, O‘zA