Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Ayollar bo‘yicha Global yetakchilar yig‘ilishi-2025" anjumani ochilish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida gender tenglik, ayollar huquqi va xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdi.
Si Szinpin ta’kidlashicha, ayollar va erkaklar teng imkoniyatga ega bo‘lishi milliy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlik ta’minlanishi uchun juda muhim.
Shuningdek, u ayollarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘maklashish, raqamli imkoniyatdan foydalanish va zo‘ravonlikdan xoli hayotni ta’minlash bo‘yicha Xitoyning global tashabbuslarini yana bir bor qayd etdi.
Avval xabar berganimizdek, mazkur yig‘ilishda mamlakatimiz vakillari ham qatnashmoqda. Xususan, O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizda ayollar huquqi va ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishida erishilgan yutuqlar taqdim etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA