Shvetsiya istirohat bog‘ida noxush voqea
“Reuters” xabar berishicha, yakshanba kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmdagi “Grona Lund” istirohat bog‘ida g‘ildiratma halinchak – “Jetline” halokatga uchrashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, to‘qqiz kishi jarohat oldi.
Guvohlar aytishicha, qurilma harakat paytida qisman relsdan chiqib ketgan va odamlar yerga qulagan.
“Bugun bog‘imizda motam, “Jetline” jiddiy avariyaga duch keldi”, dedi bosh direktor Yan Eriksson matbuot anjumanida.
Oradan ko‘p o‘tmay, hodisa joyiga tez yordam, o‘t o‘chirish mashinasi, vertolyot yetib keldi, politsiya tergov boshladi.
“Grona Lund” – Stokgolmning ko‘plab orollaridan biridagi, dengiz sohilidagi mashhur diqqatga sazovor joy, atrofi bir necha muzey bilan o‘ralgan. Istirohat bog‘i veb-saytida po‘latdan yasalgan halinchak soatiga 90 km (56 mil) tezlikda uchishi, harakat davomida 30 metr (98 fut) balandlikka ko‘tarilishi haqida ma’lumot joylashtirilgan.
Shvetsiya madaniyat vaziri Parisa Liljestrand fikricha, halokat haqidagi xabar tushunarsiz.
“Mening fikrim jabrlanganlar taqdiri, ularning oila a’zolari, yaqinlari bilan band”, dedi mulozim “TT” axborot agentligiga bergan bayonotida.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA