Shvetsiya AQSH kafolatiga tayanmoqda
Qo‘shma Shtatlar NATOga kirish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishda Shvetsiyaning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvdan so‘ng bergan intervyusida ma’lum qildi, deyiladi "Interfax.ru" axborotida.
Xabarda Shvetsiya rasmiy vakilining "Tabiiyki, men tafsilotlarga to‘xtalib o‘tmayman, lekin biz Amerika kafilligiga ishonamiz", degan so‘zlari iqtibos qilib keltirilgan.
Vazir ta’kidlashicha, kafolat shundan iboratki, agar Rossiya Shvetsiyaga tahdid soladigan chora qo‘llasa, Qo‘shma Shtatlar buni javobsiz qoldirmaydi.
AQSH Davlat departamentining uchrashuvdan so‘ng e’lon qilgan bayonotida esa Blinken Vashington NATOga qabul qilish siyosatida sodiqligini yana bir bor tasdiqlagani, ammo xavfsizlik kafolati haqida hech qanday izoh bermagani aytiladi.
Qayd etilishicha, Shvetsiya va Finlandiyaning shu oy NATOga kirishi bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilmoqda.