"Yoshlar oyligi" doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun "Shunqorlar" harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Final bosqichi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlaridan 17–22 yoshdagi 140 nafar yoshlar ishtirokida 14 ta jamoa bellashdi. Musobaqalar uchta asosiy blokdan iborat bo‘ldi:
Dastlab, "Harbiy-vatanparvarlik bloki" doirasida ishtirokchilarning O‘zbekiston tarixi bo‘yicha bilimlari baholandi. Shuningdek, "Saf qo‘shig‘i" va "Biz – bir jamoamiz!" nomli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.
Navbatdagi "Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki"da jamoalar pnevmatik quroldan nishonga o‘q uzish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish, harbiylashtirilgan estafetada ishtirok etish kabi vazifalarni bajardilar. Shuningdek, AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, gazga qarshi niqobni kiyib yugurish sinovlari ham o‘tkazildi.
"Sport bloki" doirasida esa duatlon, 100 metrga yugurish hamda turnikda tortilish bo‘yicha bahslar tashkil etildi.
Musobaqa davomida yoshlarning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishi, g‘alabaga intilishi va jamoaviy ruhi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Andijon viloyati jamoasi Respublika bosqichi g‘olibi bo‘lib, "Vatanparvar" tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogini qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, so‘nggi uch yil mobaynida ushbu kubok Xorazm viloyati jamoasiga nasib qilayotgan edi.
2-o‘rin Toshkent viloyatiga, 3-o‘rin esa Samarqand viloyatiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar "Vatanparvar" tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, musobaqa davomida sport me’yoriy ko‘rsatkichlarini bajargan 6 nafar ishtirokchi uchinchi sport razryadiga ega bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur musobaqa yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqa qadar yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishga mustahkam zamin yaratdi.
Umidjon Qurbonov, O‘zA