Shumanayda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalar o‘rganildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda hududlarda natijadorlikni oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab davlatimiz rahbarining “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, hududda barqaror va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, loyihaviy yondashuv asosida mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish va hududning solishtirma ustunliklarini aniqlagan holda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
[gallery-31271]
Ta’kidlanganidek, mazkur qaror ijrosini ta’minlash doirasida tumanda joriy yilda 6 ming 877 ta doimiy va mavsumiy, shu jumladan Investitsiya dasturlari bo‘yicha 109 ta, xizmat ko‘rsatish va servis loyihalarini ishga tushirish hisobiga 282 ta, qishloq xo‘jaligiga 365 ta, qurilish va kommunal soha bo‘yicha 30 ta doimiy yangi ish o‘rnini yaratish belgilangan. 2026-yilning shu davriga qadar tijorat banklari tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1 ming 53 nafar fuqaroga jami 19 milliard 379 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratib berildi.
Shuningdek, “Sayxunobod tajribasi” asosida aholi tomorqalarida bo‘sh turgan yerlardan oqilona foydalanish, chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarga jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 milliard 100 million so‘mlik 82 loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 200 nafardan ortiq ishsiz fuqaro tadbirkorlikka yo‘naltirilib, ularning bandligi ta’minlanishiga erishildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi tashabbusi bilan ishsiz fuqarolarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida band qilish maqsadida 152 nafar fuqaroga 190 ta asbob-uskuna olib berildi.
Shu bilan birga chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida 474 bosh naslli qo‘y olib kelinib, aholiga imtiyozli kredit hisobidan tarqatildi. Bugungi kunda naslli mollar olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish uchun ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi.
Ishtirokchilar “Aq jap” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bo‘lib, Aymurza Jaqsimuratovning chorvachilik, xususan, qo‘y boqish va ularning sonini ko‘paytirish bilan shug‘ullanish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Mo‘g‘ulistondan olib kelingan 28 bosh naslli qo‘y tadbirkor tomonidan sotib olingan. Bu ishni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida 98 million so‘m miqdorida 12 foizlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan. Loyiha orqali oilaning daromadini oshirish, chorva mollarini ko‘paytirish va kelgusida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
“Aybo‘yir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Ixlos Temirxonovga ham hokim yordamchisi ko‘magida non va non mahsulotlarini tayyorlash uchun bankdan imtiyozli 100 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan. Ayni paytda tadbirkor tomonidan aholi buyurtmalari qabul qilinib, ularga sifatli non va non mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
“Dehqonobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Shuhrat O‘razimbetov tomonidan uy sharoitida termopanel ishlab chiqarish yo‘nalishidagi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihani yo‘lga qo‘yish maqsadida unga bank tomonidan 98 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan.
Ushbu faoliyatni rivojlantirish orqali qurilish sohasida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish, aholiga xizmat ko‘rsatish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish ko‘zda tutilgan. U Namangan viloyatida bo‘lib, termopanel ishlab chiqarishni o‘rganib kelgan va hozirgi kunda farzandlari bilan birgalikda aholiga xizmat ko‘rsatish orqali oilasiga daromad kiritmoqda.
“Munchoqli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Guljahon Janiyeva tomonidan uy sharoitida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun unga 6 million so‘m miqdorida subsidiya berildi. Hozirgi vaqtda bolalar bog‘chalari, umumta’lim maktablari va fuqarolarning buyurtmasi asosida turli o‘yinchoqlarni yasab, yetkazib bermoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joylarda oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga berilayotgan imtiyozlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari