Shukronalik va xursandchilik ifodasi
Bugun butun dunyo musulmonlari qatori O‘zbekiston ahli ham mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayitini zo‘r shodu xurramlik va shukronalik kayfiyatida nishonlamoqda. Xususan, erta saharda Namangan viloyatidagi 186 ta masjidda hayit namozlari emin-erkin ado etildi.
Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi xavfi to‘liq bartaraf bo‘lmagan bir kezda hayit namozi ochiq joyda, karantin talablariga rioya qilgan holda o‘qildi. Buning uchun masjidlar jamoasi, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati, huquq tartibot idoralari, jamoat tashkilotlari xodimlari tomonidan qulay sharoitlar yaratildi.
Barcha masjidlarda dizenfeksiya ishlari amalga oshirildi. Namozxonlar tana harorati pirometr orqali o‘lchangan va antiseptik vositalar bilan dizenfeksiyalangan holda tibbiy niqob bilan kirishlari ta’minlandi. Ijtimoiy masofa saqlanishiga alohida e’tibor qaratildi.
Yoshi ulug‘lar vijdon va e’tiqod erkinligining qadriga yetish har birimiz uchun muqaddas burch ekanini ta’kidladi.

Chortoq tumani markazidan 50 kilometr olis manzilda joylashgan Baliqko‘l mahallasida diniy marosim bayramona ruhda, odamlarning xursandchiligi bilan tashkil etildi. Bu go‘shada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan xalqimizning boy va qadimiy diniy-ma’naviy merosini tiklash va faol targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimizning tabarruk qadamjolarini obod qilish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. O‘z davrining yetuk allomasi, tasavvuf ta’limotining yirik vakili Sulton Uvays Qaraniy nomi bilan ataladigan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Ushbu ziyoratgoh bugungi kunda nafaqat yurtimiz balki, yaqin qo‘shni va xorijiy davlatlardan kelayotgan mehmonlar uchun qutlug‘ turizm maskaniga aylandi.
“Sulton Uvays Qaraniy” jome masjidi imom xatibi Bahodirxon Mavlonov toat-ibodatga oshiqqan 1 ming 300 nafardan ziyod hamyurtimizga yurtimizda ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini targ‘ib etish, fuqarolarning e’tiqod erkinligi ta’minlanayotganini qayd etdi.
– Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga ming shukr, – deydi mahallaning faol faxriysi Isroiljon Tillaxo‘jayev. – Bir vaqtlar Hayit kunlarini bayram qilish haqida o‘ylash tugul, hatto masjidlarga ham xotirjam borolmasdik. Hayit kunlari bayram va alohida qo‘shimcha dam olish kunlari sifatida belgilandi. Davlatimiz rahbarining qaroriga asosan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 100 nafar mahkum afv etilgani chinakam mehr-muruvvat va bag‘rikenglik ifodasi bo‘ldi.
“Savob ishni har kim har kuni qilishi kerak”, degan ezgu qadriyatdan kelib chiqqan holda mahallalarda, mehnat jamoalarida xayru saxovat, mehru muruvvatga yo‘g‘rilgan savobli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Baliqko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Usmonxo‘ja Buvaxonov boshchiligidagi faollar va masjid ma’muriyati hududda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, bemor, boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz va nogironligi bor kishilar holidan xabar olib, ularga shodlik ulashdi.
Xususan, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 10 nafar xotin-qiz va shuncha nogironligi bor keksalarga 500 ming so‘mdan hayitlik pullari tarqatildi. “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlarning ancha vaqtdan beri hal bo‘lmayotgan ko‘plab muammolari ijobiy hal etildi.
Masalan, Iqboloy Sayfiddinova uchun “Baliqko‘l” ko‘chasidagi dala shiyponidagi noturar joy turar joy sifatida hujjatlashtirilib, istiqomat qilishiga sharoit yaratildi. Uy uchun ijara to‘loviga doimiy moddiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Shu ko‘chadan yana bir yosh Mirzohid No‘’monovga kredit asosida shirinlik ishlab chiqarish dastgohi olishiga amaliy yordam ko‘rsatildi. “Oqtepa” ko‘chasida yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan Muxlisa Masharipovaning xonadoni kadastr hujjatlari qayta rasmiylashtirib berildi.
Ramazon hayiti xalqimiz ma’naviy hayoti, milliy qadriyat va an’analarimizning ajralmas bir qismi bo‘lgan, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini yaqqol ifoda etadigan hayitni munosib nishonlash, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat va shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA