Shukronalik shukuhi
Umrimning eng goʻzal, eng joʻshqin pallasining besh yili ozodlikdan mahrumlikda oʻtganidan nihoyatda afsusdaman.
Umrimning eng goʻzal, eng joʻshqin pallasining besh yili ozodlikdan mahrumlikda oʻtganidan nihoyatda afsusdaman.
Bu – diniy bilimimning yoʻqligi, notoʻgʻri yoʻlga kirib qolganim uchun toʻlagan katta badalim. Bugina emas, mening gʻam-anduhimni koʻtarolmay otam olamdan oʻtdi. Bu tuganmas armon, oʻkinch boʻlib qoldi.
Prezidentimizdan nihoyatda minnatdorman. U kishiga afv soʻrab murojaat qilgan edim, shukrki, shu yil 27-avgust kuni ozodlikka chiqdim.
Onajonimning bagʻriga boshimni qoʻygan baxtli kunimni umrim oxirigacha unutmayman. Uyimni, aka-opalarimni, mahallamni, qadrdon yurtdoshlarimni sogʻingan edim, ular ochiq chehra bilan meni kutib oldilar. Kelganimdan buyon biri qoʻyib, biri xabar oladi. Hokimlik, mahalla fuqarolar yigʻini faollari, imom-xatiblar kelib, hol-ahvol soʻrashyapti, ishga joylashishim uchun takliflar aytishyapti. Hatto ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan moddiy yordam ham koʻrsatildi.
Prezidentimiz biz kabi adashganlarni oʻz farzandiday koʻrib, jamiyatda oʻrnimizni topib olishimga koʻmaklashmoqda, bu ishonchni endi oqlash uchun butun kuch-quvvatim bilan harakat qilaman. Quruvchiman, yaxshigina oshpazman. Qoʻlimdan koʻp ish keladi. Halol mehnatim bilan elimizga xizmat qilish niyatidaman. Tadbirkorlik qilish ham rejamda bor. Ahdu paymon qilgan qizim bor, oila qurib, Vatan koriga yaraydigan farzandlar oʻstirishni dilimga tukkanman.
Menga berilgan imkoniyat – hayotimni yana yangidan boshlash imkoniyati uchun Prezidentimizga rahmat aytaman. Bundan keyingi hayotimni toʻgʻri yoʻldan ogʻishmagan holda yashamoqchiman. Toki farzandlarim mendan uyalishmasin. Boshlari egilmasin. Shu oʻrinda onamdan uzr soʻrayman, bergan azob-uqubatlarim, xatolarim uchun. Erta egilgan qaddi, yuziga tushgan ajinlar, yuragidagi ogʻriqlar uchun meni kechirsin. Dadamning joyi jannatda boʻlsin. Duolarim doimo siz bilan, otajon.
Tengdoshlarimga murojaatim: jannatmakon yurtimizda emin-erkin bilim olib, kasbli, hunarli boʻlib, oilangiz bagʻrida yayrab yashang. Yoshlik bebaho neʼmat, uning qadriga yeting, Vatanning yaxshi kunlariga yarang, yorugʻ yuz bilan el orasida oʻz oʻrningizni topishga intiling.
Husanboy Teshaboyev,
Andijon viloyati, Qoʻrgʻontepa tumani