Shukronalik, mehr, ezgulik ayyomi
Muborak Ramazon hayitining ilk tongi. Hali quyosh chiqmasidan barcha bir-birini muborak ayyom bilan tabriklay boshladi. Nuroniylar yurtga tinchlik, yurtdoshlarimizga sog‘lik-omonlik, xonadonlarga xotirjamlik, dasturxonlarga qut-baraka tilab, duoga qo‘l ochdilar.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi bayramga yanada o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida jamiyatimizda kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, barqarorlik, tinchlik va hamjihatlikni, o‘zaro ahillik va totuvlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrashga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, odamlarning dardini tinglash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq tizim ishlab chiqildi. Bu jarayonda muhtoj oilalarga yordam ko‘lamini kengaytirish, iqtisodiy imkoniyati murakkab oilalarga ish topish, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi-yangi loyihalar, ilg‘or tashabbuslar hayotga joriy etilmoqda. Mahallalarda «yettilik» tizimining joriy etilgani oilalarning soliq, tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Oylarning sultoni – muborak mohi Ramazon mamlakatimizda ham g‘oyat fayzli, ezgu amallarga, savobli yumushlarga, xayr-u saxovatli hayotiy g‘oyalarga boy bo‘ldi. Mamlakatimiz yetakchisi islohotlar jarayoni bilan tanishuv asnosida respublikamizning turli hududlaridagi eng muhim ijtimoiy obyektlar, Muruvvat uylari, tibbiyot maskanlari, maktablar, mahallalar faoliyatini o‘rgandi. Nuroniylar, munis onaxonlar, opa-singillar, mahalla faollari, ko‘zi yonib turgan yoshlar bilan dildan suhbatlashdi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, korxonalar, oilalarga daromad, baraka olib kiradigan yirik iqtisodiy korxonalar ishini yanada rivojlantirishning istiqbollarini belgiladi. Shahar-u qishloqlar, turar joylar, mahallalarning yangi qiyofasi shakllanishiga bosh-qosh bo‘ldi.
Atrof-muhitni, ona-tabiatni asrab-avaylash, ko‘chatlar o‘tqazish, bog‘ va gulzorlar yaratish, mahallalarni obod va sarishta holatga keltirish bo‘yicha hasharlar, ezgu loyihalarga qo‘l urildi.
Muborak oyda ko‘ngli kemtik yurtdoshlarimiz, yoshi ulug‘ odamlar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, imkoniyati cheklangan kishilar holidan xabar olindi. Ular uchun yozilgan iftor dasturxonlari mamlakatimizda har bir inson mehr va e’tiborda ekanini yana bir karra isbotladi. Kam ta’minlangan oilalar uchun tarqatilgan sovg‘alardan, balki eng avvalo, e’tibor va g‘amxo‘rlikdan qanchadan-qancha odamlarning ko‘ngli yorishdi.
Tongda o‘qilgan hayit namozlarida yurtga tinchlik, osudalik, xotirjamlik, rivoj, baraka, omonlik, sog‘lik so‘rab, duolar qilindi. Ramazon hayit ayyomi – shukronalik, mehr-oqibat, ezgulik bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Nazokat Usmonova,
O‘zA