Shuhratbek Abdurahmonov: faol va tashabbuskor yoshlar yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi
Bobur shahrida "Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida yoshlar forumi va gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar oyligi doirasida Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda qator tashkilot va muassasalar hamkorligida tashkil etilgan forum va gala-konsert andijonlik yoshlarga haqiqiy bayram kayfiyatini hadya etdi.
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning puxta bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, umuman, o‘z salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida ham yoshlar bilan ishlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugun kunda Andijon viloyati aholisining qariyb 60 foizga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda bo‘lgani kabi Andijonda ham yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, intellektual salohiyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, bandligini ta’minlash, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Barcha tuman va shaharlardan minglab faol va fidoyi yoshlar ishtirok etgan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida yoshlar forumi va gala-konsert ochilishida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan “Yoshlar kuni” bayrami bilan muborakbod etdi. Yoshlarni mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan ular uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga, yaxshi o‘qish, kasb-hunar o‘rganish, o‘zi tanlagan sohaning fidoyisi, malakali mutaxassisi bo‘lish orqali Vatan ravnaqiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishga chaqirdi.


– Yurtimiz, andijonlik yoshlarni ta’lim, sport, san’at, qo‘yingki, har jabhada faol va ilg‘or bo‘lishga chaqiraman, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Ishonamanki, sizlar faol va ilg‘orligingiz, bilim va salohiyatingiz bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasiz. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonning haqiqiy bunyodkori bo‘lasiz.


Hokim hamda Yoshlar ishlari agentligi rahbari “Yoshlar oyligi” doirasida turli tanlov va loyihalar g‘oliblari, faol ishtirokchilari, shuningdek, ona Vatanga mehri va sadoqati, namunali xulqi, odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh tashabbuskor, yetakchi andijonlik yoshlarni pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.


– Yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilgan loyiha, tanlov hamda turli tadbirlarimizda yoshlarimiz faol ishtirok etdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Tangriqulov. – Qariyb 1 million nafardan ziyod yoshlarni jalb etgan mazkur tadbirlarimiz yoshlarimizni yanada faol, Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lishga xizmat qildi.
Yurtimizning mashhur san’atkorlari, estrada yulduzlari ishtirokidagi gala-konsert yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Tadbir o‘ziga xos mushakbozlik shousi bilan yakunlandi.

Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari