Shuhrat Matkarimning «Maqar» kitobi taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yozuvchi Shuhrat Matkarimning «Maqar» nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid iyul oyi mamlakatimizda adabiyot, she’riyat, kitob bayrami sifatida o‘tayotgani, Shuhrat Matkarimning «Maqar» kitobi ham ayni ezgu ma’rifiy tadbirlarning uzviy bir qismi ekanini ta’kidladi.
– Shuhratjonning kitoblarini 80 yillardan buyon o‘qib, tanishib kelayapman, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Uning «Maqar» asarini o‘qib, o‘zbek prozasida yangilanish jarayonlari boshlanayotganiga yana bir karra amin bo‘ldim. Bu yerda nainki Shuhrat, balki Ma’mura Zohid, Habib Abdunazar, Safar Olloyor, Jasur Kengboyev, Shahlo Hoshimova kabi ijodkorlarning o‘z asarlarida milliy adabiyotimizga yangilanish ruhiyatini olib kirayotganlarini aytmoqchi edim. «Maqar»ni o‘qiganda kitobxonning yodiga Ernest Xemingueyning «Chol va dengiz», Chingiz Aytmatovning «Oq kema» kabi asarlari keladi. «Maqar» asari muallifining farqli tomoni yozish uslubining yangilanganida, insonga munosabatda yangicha tamoyillar asosida yondashilganida yaqqol namoyon bo‘ladi. Shuhratjon o‘z qahramonlariga katta muhabbat, ham shafqatsizlik bilan qaraganiga guvoh bo‘lish mumkin. U qahramonni shunday ta’riflaydiki, hech kim tanimaydigan, bilmaydigan odam buyuk fazilatlar egasiga aylanadi.
[gallery-18242]
Taqdimot tadbirida «Maqar» asari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Ushbu asar birgina keksa odamning iztiroblaridangina tashkil topmagan. Qissa Xorazmning ekologik va ma’naviy-axloqiy muammolarini ham ochib bergan go‘zal ijod namunasidir.
Mazkur qissa «Yoshlik» jurnalining 2023 yil sonlarida chop etilgan. Ayni paytda muallifning telegram kanali orqali ham ushbu asar o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan edi. Maqar – saksondan oshib, to‘qsonga yaqinlashib qolgan nuroniy. Asar uning kechinmalari, iztiroblarini o‘ziga xos tarzda aks ettirgani bilan ahamiyatlidir.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA