“Shu quloqni yopsam, Muborakka suv boradimi?”
Jurnalistik surishtiruv
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligining ichimlik suvidan dalasini sug‘orishda foydalanib, ko‘p miqdordagi ichimlik suvini isrof qilganligi haqidagi lavha keng jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Bugun ichimlik suvidan oqilona, tejab foydalanish haqida qanchadan -qancha targ‘ibot materiallari tarqatilayotgan bir paytda bu kabi holatning kuzatilayotgani ba’zi fuqarolarimiz ongida hali -hamon iste’mol madaniyati shakllanmaganini ko‘rsatmoqda.
Ushbu masalani o‘rganish maqsadida lavhada ko‘rsatilgan Chiroqchi tumani Bo‘ronjuz qishlog‘iga yetib bordik.
Bir kun avval yoqqan yomg‘ir butun dalani nam holatga keltirgan bo‘lsada, dalaning sug‘orilgan joylari yaqqol bilinib turibdi.
Tasvirga olar ekanmiz, suv ta’minoti mutaxassislari va fermer xo‘jaligi vakillari ham yetib kelishdi.
Aniqlanishicha, “Yakkabog‘-Muborak” magistral ichimlik suvi quvuri tumanning mazkur hududlaridan ham o‘tgan. Sirtdan qaraganda yer ostidan o‘tgan quvurni payqash qiyin. Dalaga qadar tortib kelingan quvurning yashirin ulangan joyini ham sezib bo‘lmaydi.
Ta’kidlanishicha, “Qashqadaryo suv ta’minoti” MCHJ va Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish viloyat hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida tumandagi “Bo‘ronjuz” MFY hududida joylashgan “Sabo” fermer xo‘jaligi rahbari shu yerdan o‘tuvchi “Yakkabog‘-Muborak” magistral ichimlik suvi quvuriga ikkita sig‘imi 50 millimetrlik quvurlar orqali yashirincha ulanib, gektarlab dala maydonini toza ichimlik suvi bilan sug‘orib kelganligi ma’lum bo‘lgan.
– Viloyatning Koson va Muborak tumanlarida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida magistral quvurlarini nazorat qilib yurganimizda Chiroqchi tumani “Bo‘ronjuz” MFY hududidan o‘tgan minglik magistral quvurga noqonuniy ulanib, ikkita 50 millimetr sig‘imli polietilin quvurlar yordamida bug‘doy ekilgan dala maydoni sug‘orilayotganining guvohi bo‘ldik, - deydi magistral quvurlar bo‘yicha mutaxassis Jamshid Geldiyev. – Mahalla faollari ishtirokida shu yerning o‘zida dalolatnoma tuzdik. Hozir quvurlar ulangan joyini qazib, uni tarmoqdan to‘liq uzib tashlash masalasini ko‘ryapmiz.
Vaziyatni o‘rganar ekanmiz, fermer xo‘jaligi vakillari bilan ham suhbatlashishga harakat qildik. Ular boshida hech bir masalada izoh berishni istamasa-da, keyiniga rozi bo‘lishdi.
– Hozir qish fasli, dalamizga suv kerakmas, – deydi “Sabo” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Jasur Usmonov. – Fermer xo‘jaligimizning 50 gektar yer maydoni bo‘lib, hamma yerlarimiz lalmi maydonlar. Biz ichimlik suvi bilan sug‘ormaganmiz.
– Unda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video va foto tasvirlardagi holatni qanday izohlaysiz?
– To‘g‘ri, bir paytlar magistral quvurdan suv tortib kelingan, lekin biz uni yopib tashlaganmiz, ishlatmaganmiz. Videoda ko‘rsatilgan holatdan xabarimiz yo‘q. Ehtiyojimiz uchun artezian qudug‘imiz bor. Balki videoni olganlar o‘zlari ochib syomka qilishgandir.
Garchi bir kun avval yog‘ib o‘tgan yomg‘ir daladagi holatni bir xil manzaraga aylantirgan bo‘lsa-da, yaqinroq borilganda egatlar suv bilan sug‘orilganini ko‘rish mumkin. Fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi esa dala ichimlik suvi bilan sug‘orilmaganini, suvni suvchilarning o‘zi ochib yuborishganini ta’kidlarkan, quvurga yashirincha ulanganlik bilan bog‘liq vaziyatni ham inkor qila olmadi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, 50 millimetr hajmdagi quvurdan soatiga taxminan 19 metr kubga yaqin suv olish mumkin va bu miqdor suv bilan 20 ga yaqin xonadonni bir kun davomida suv bilan ta’minlash imkonini beradi.
– Suv ta’minot mutaxassislari tomonidan joriy yilning 6 yanvar kuni “Yakkabog‘–Muborak” magistral quvurida nazorat tadbirlarini o‘tkazish jarayonida ikki dona 50 millimetrlik quvurni magistral quvurga ulab, dalaga noqonuniy oqizib qo‘yganligi aniqlangan, – deydi Qashqadaryo viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi inspektori Alisher Muxtorov. – Bu bo‘yicha albatta javobgarlik belgilanadi. Hatto qonunchilikda bu kabi qonunbuzilish holatlari yuz bergan paytda uch yildan besh yilgacha qamoq jazosi qo‘llanishi ham belgilab qo‘yilgan. Keyingi yillarda bu kabi holatlar soni ortib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili inspeksiyamiz tomonidan 191 ta noqonuniy holat aniqlanib, besh milliard so‘mga yaqin dalolatnomalar rasmiylashtirib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Bunday qonunbuzilish holatlari asosan markaziy quvurlarga ulanishlarda kuzatilmoqda va buning natijasida quvurning oxirgi nuqtasi hisoblangan Muborak shahriga yoz oylarida suv borishi qiyin bo‘lib qolmoqda. Fuqarolarimizdan suvdan oqilona foydalanishlarini, isrof qilmasliklarini so‘rab qolamiz.
[gallery-15384]
O‘rganishlarni davom ettirar ekanmiz, suv ta’minoti mutaxassislari keyingi qishloq, ya’ni Dursun mahallasida ham bu kabi holatlar aniqlanganini aytib qoldi. Vaqt kech bo‘lganiga qaramay Dursun qishlog‘iga ham bordik.
Biz borib to‘xtagan xonadon oldida 50 lik plastmassa quvurdan suv sharillab tomorqaga oqib yotardi.
Mutaxassislar ishtirokida quvur bo‘ylab yuramiz. Taxminan 200-300 metr masofadan tortib kelingan quvurning bir qismi tashqi tomonda qolgan bo‘lsa, magistral quvurgacha bo‘lgan qismi yer ostida qoldirilgan. Hatto bitta “kran” qo‘yilmagan. Shunchaki oqib yotibdi. Magistral quvurlar bo‘yicha mutaxassis Jamshid Geldiyevning ta’kidlashicha, taxminan bir oy oldin xuddi shu xonadonda tekshiruv o‘tkazilib, noqonuniy ulanganlik holati aniqlangan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan, jarimaga tortilgan. Ammo bu chora-tadbirlarning hech biri ta’sir qilmagan chog‘i suv hamon xo‘jasizlarcha oqizib qo‘yilgan.
Xonadon egalarini chaqirdik, ammo yosh bolalardan boshqa hech kim chiqmadi. Oxiri xonadon sohibining otasi kelib qoldi.
Keksa otaxon holatga izoh berar ekan, o‘g‘lini bir necha bor ogohlantirgani, lekin gapiga quloq solmaganini ta’kidlaydi. Keyin bilsak, otaxonning o‘zi ham bir necha oy oldin noqonuniy suv quvuriga ulangani va ichimlik suvini isrof qilgani uchun jarimaga tortilgan ekan.
– Bu holat bitta bizdamas, qishloqda kim nechtasi foydalanib yotibdi, nega ularni ushlamay, aylanib kelib bizni ushlaysizlar, – deydi ismini aytishni istamagan otaxon zarda bilan. – Necha marta aytdim o‘g‘limga, suvni yopib qo‘y, hech bo‘lmasa kechasi och deb, aytganni qilmaydi.
– Bu ichimlik suvi, uni tomorqaga ishlatish mumkin emas, shu suv necha kilometr uzoqda ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholiga boradi. Siz kabilar bu tarzda tomorqaga yoki dala maydoniga oqizib qo‘yaversa, ularga qanday yetib boradi axir, so‘raymiz undan.
–Bo‘ldi, men shu quloqni yopsam, Muborakka suv yetib boradimi, – dedi zarda ila otaxon va ortiga qaytib ketdi.
Bu javobni eshitib, na kulishni, na kuyishni bilasan kishi. Suv ta’minot mutaxassislarining aytishicha, magistral quvur o‘tgan hududlarda joylashgan aholi punktlarining hammasida ahvol shu. Quvur hatto ba’zi bir hovlilarning ichidan o‘tgan. Ular inspektorlarni hovlisiga kiritgani ruxsat berishmaydi. Ma’lumotga ko‘ra, “Yakkabog‘–Muborak” magistral suv quvuri uzunligi jami 162 kilometr va u o‘nlab qishloqlar oralab o‘tgan. O‘sha qishloqlarning har biridan 10 tadan 50 millimetrlik quvur magistral quvurga noqonuniy ulansa, nima bo‘ladi? Buni matematik amallar bilan hisoblash qiyin kechadi. Mana, suv nega o‘z manziliga aytilgan sig‘imda yetib bormasligining asosiy sababi.
Endi daladagi holatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, buncha maydonni sug‘orish uchun qancha vaqt sarflangani va qancha miqdordagi toza ichimlik suvining talon-toroj qilinganini chamalash qiyin emas.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Bo‘ronjuz qishlog‘idagi holatda 2 milliard 421 million 780 ming so‘mlik, Dursun qishlog‘idagi holatda 955 million 169 ming so‘mlik zarar aniqlandi, deydi mas’ullar.
Xulosa qilib aytganda, mazkur holatlar jiddiy choralar ko‘rishni talab qiladi. Agar bu kabi holatlarga ta’sirchan choralar bugun ko‘rilmasa, ertaga kech bo‘lishi tayin.
Bu to‘g‘rida Qashqadaryo viloyati hokimligi mas’ullari nima derkin?
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri