Shov-shuvlar girdobidagi chempionat
Qatarda davom etayotgan jahon chempionatining "B" guruhida o‘tgan uchrashuvlarda Angliya terma jamoasi guruh bosqichining ilk o‘yinida Eron terma jamoasini 6:2 hisobida mag‘lub etdi. AQSH terma jamoasi esa Uels jamoasi bilan 1: 1 ko‘rinishidagi durangga imzo chekdi.
E’tiborli jihati, AQSH jamoasida golga mualliflik qilgan Timoti Vea Liberiya prezidenti va 1995 yilgi "Oltin to‘p" sohibi Jorj Veaning o‘g‘li hisoblanadi.

Ayni hisoblardan keyin Angliya guruhda peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Eron terma jamoasi oxirgi o‘rinni egallab turibdi. 25 noyabrda bo‘ladigan keyingi tur o‘yinida AQSHliklar inglizlar bilan, Uels vakillari Eron jamoasi bilan bahs yuritadi.
“A” guruhidagi Niderlandiya va Senegal uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etildi. Mazkur o‘yinda ilk golni yo‘llagan Kodi Gakpo uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etildi.

O‘tkazilgan o‘yinlar yakuniga ko‘ra, "A” guruhida Niderlandiya va Ekvador jamoalari hozirda 3 ochkoga ega bo‘lgan holda peshqadamlik qilmoqda. Guruhning keyingi o‘yinlari 25 noyabr kuni o‘tkaziladi. Unda Niderlandiya-Ekvador va Senegal-Qatar bir-biriga ro‘baro‘ kelishadi.
Bugun, 22 noyabr kuni Qatarda davom etayotgan jahon chempionatining 4 ta uchrashuvi o‘tkaziladi. “S” guruhida Argentina – Saudiya Arabistoni, Meksika – Polsha, “D” guruhida Daniya – Tunis, Fransiya – Avstraliya uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA