Shosse yo‘nalishi bo‘yicha guruh poygalari qizg‘in o‘tdi
Farg‘ona viloyati mezbonligida o‘tayotgan shosse bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 23 yoshgacha bo‘lgan velosportchilar turli yo‘nalishlarda o‘zaro raqobatlashmoqda.
Jumladan, chempionat doirasida qizlar orasida 90 kilometr masofaga o‘tgan guruh poygalarida Mohinabonu Elmurodova (Toshkent vil.) marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda Asal Rizayeva (Toshkent sh.) hamda Viktoriya Polzunova (Sirdaryo) kuchli uchlikdan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, mamlatimizda velosportni yanada ommalashtirish, milliy jamoamiz safiga iqtidorli yosh sportchilarni saralash maqsadida o‘tkazilayotgan musobaqaning yigitlar o‘rtasidagi guruh poygalarida ishtirokchilar 140 kilometr masofada raqobatlashmoqda. Unda 100 nafarga yaqin velopoygachilarimiz o‘z omadini sinab ko‘rmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA