Sho‘rchida mahalla raislariga xizmat guvohnomalari topshirildi
Surxondaryo viloyatida saylangan mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga xizmat guvohnomalari va ko‘krak nishonlari tantanali topshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zini o‘zi boshqarish organini yanada rivojlantirishning qonunchilik bazasi mustahkamlanib, mahalla instituti takomillashdi. Xalqni yagona maqsad yo‘lida tinch, farovon hayotga yetaklaydigan kuchli jamoatchilik tuzilmasiga aylandi. Odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash kabi masalalarda xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajara boshladi. Mahalla raisiga yangi tuzilmaning boshida turib, aholi muammolarini o‘rganish va ularga yechim topishda bosh islohotchi vazifasini bajarish mas’uliyati yuklandi.



Xalq deputatlari Sho‘rchi tuman kengashining navbatdagi sessiyasida joriy yilning may-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan saylovlar yakuni yuzasidan fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi raisining hisobotida shu haqda atroflicha fikr yuritildi. Unda tumandagi 53 mahallada fuqarolar yig‘ini raisi saylab olingani alohida qayd etildi. Saylangan mahalla raislariga xizmat guvohnomalari va ko‘krak nishonlari topshirilib, ularning mahallani yangi bosqichda rivojlantirishiga katta ishonch bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri