Sho‘rchida Davlat xizmatlari markazi ochildi
Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida Sho‘rchi tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Sho‘rchi tumani Davlat xizmatlari markazi avval tuman Xalq qabulxonasi binosida joylashgan edi. Bu yerda inshoot zamonaviy ko‘rinish kasb etgan bo‘lsada, aynan davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun mo‘ljallanmagan edi. Shuning uchun ham fuqarolarga tez va oson, qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatishda noqulayliklar mavjud edi.

Bugun Sho‘rchi tumanida fuqarolarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini sifat jihatidan yanada oshirish maqsadida ayni zamonaviy va qulay ko‘rinishga ega bo‘lgan markaz o‘z faoliyatini boshladi. Zamonaviy tarzda jihozlangan keng va yorug‘ xonalar, kutish zallari, bolalar maydonchasi, infolend, kafeteriya mijozlar uchun qo‘shimcha qulayliklar eshigini ochadi.

— Davlat xizmatlari markazi binosi an’anaviy arxitektura va milliy me’moriy yechim, zamonaviy dizayn talablari asosida barpo etildi, — deydi Markaz bosh mutaxxasisi Oyjamol Hasanova. — Kutish zalida qulay va bejirim jihozlangan kutubxona fuqarolarning navbat kutish vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlaydi. Istiqlolimizning 30 yilligi shodiyonalari kunlarida tantanali ochilgan yangi binomiz esa shundoqqina shahar markazida joylashgan. Deyarli barcha jamoat transportlari shu yo‘l yoqasidan o‘tadi. Qolaversa markazimizda elektron navbat tizimi, axborot kiosklari, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish burchagi, bolalar o‘yin maydonchasi, bufet, kichik kutubxona va Wi-Fi mavjud.

Markazga kiraverishda xodimlar xush kayfiyat bilan fuqarolarni davlat xizmatlari sohasidagi murojaatini o‘rganib, tegishli oynalarga yo‘naltiradi. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi... hammasi muhayyo qilingan. Monitorlarda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari to‘g‘risidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.

-Sho‘rchi tumanida ulkan bunyodkorlik, qurilish-ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilayotgani biz faxriylarni va butun sho‘rchiliklarni juda ham mamnun etdi, - deydi mehnat faxriysi O‘rol Cho‘tboyev. - Shulardan biri davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshlagani bo‘ldi. Yorug‘ va shinam xonalar, zamonaviy texnik jihozlar bilan qurollangan markaz xodimlarini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Avvallari rosti bitta hujjat ortidan yugur-yugur qilib vaqt o‘tkazganlarimiz hali ham ko‘z oldimdan ketmaydi. Hozirda amalga oshirilgan ishlar biz istaganimizdanda o‘zgacha. Bularning barchasi yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosatning amaldagi isbotidir.
Ta’kidlash joizki, Sho‘rchi tuman davlat xizmatlari markaziga aholi tomonidan o‘tgan 2020 yilda kelib tushgan 27 948 ta murojaatning 23 790 ijobiy hal etilgan. 629 ta yuridik tashkilot, 833 ta yakka tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2021 yil boshidan 1 avgust kuniga qadar aholiga 19 088 ta xizmat ko‘rsatilgan. 305 yuridik tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 452 fuqaro yakka tadbirkor sifatida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Nigina SHOEVA