Shoirning boqiy ijodi
Chin shoirning umri uning yuragi to‘xtagan kunda yakun topmaydi. Aksincha, u o‘sha kundan boshlab xalq xotirasidagi ikkinchi hayotini yashay boshlaydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalqona she’riyati bilan ko‘ngillardan chuqur joy olgan shoir Hayot Shodmon ana shunday ijodkorlardan edi.
Zarbdor tumani madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan xotira kechasi nafaqat shoirni yod etish, balki xalq qalbida yashab kelayotgan samimiy insonga ehtirom ifodasiga aylandi.

Kechaga uzoq-yaqindan tashrif buyurgan mehmonlarni “Enalar” hamda “Gulpari” xalq etnografik folklor ansambllari ishtirokchilari sho‘x yallayu laparlar bilan qarshi oldilar. Bu bejiz emas edi. Hayot Shodmon umrining so‘nggi yillarida aynan shu jamoalar bilan hamkorlik qilib, xalq og‘zaki ijodining sara namunalarini sahnaga olib chiqqan, kerak bo‘lsa, san’atkorlarga qo‘shilib, o‘zi ham qo‘shiq kuylagan edi.
— Hayot Shodmon o‘ziga xos baxshi edi. Shu bilan birga, u yaxshi shoir ham edi, — dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi Mehribon Abdurahmonova. — Hayotlik chog‘ida 60 yoshlik yubileyini o‘tkazmoqchi bo‘ldik. Ammo u kishi ko‘nmadilar. “Avval kitob chiqaray. Axir mening yubileyimga poytaxtdan katta shoirlar, xonandalar keladi” deb turib oldilar. Afsuski, taqdir boshqacha hukm qildi. Xastalik u kishini oramizdan olib ketdi. Keyin jizzaxlik shoir va nosirlarning uch jildlik saylanmasini nashr etdik. Ularning biridan Hayot Shodmon ijodi ham munosib o‘rin oldi.

Kechada yana bir xayrli tashabbusga asos solindi. “Hayot Shodmon kutubxonasi” ning tamal toshi qo‘yildi. Tuman hokimi Bekzod Toshpo‘latov kitob javoniga dastlabki sara asarlarni joylashtirdi. Sirdaryo viloyatidan kelgan mehmonlar esa shoir nomidagi kutubxonaga yuzdan ortiq badiiy kitoblarni tuhfa qildi. Bu xayrli ish shoir xotirasini abadiylashtirish yo‘lidagi ma’naviy qadam bo‘ldi.
Hayot Shodmon hayotining katta qismi Sirdaryo viloyati bilan bog‘liq. Umrining so‘nggi yillarida esa ota yurti — Jizzax viloyatining Zarbdor tumaniga qaytgan edi. Shoirning yaqinlari va zamondoshlari uni nafaqat iste’dodli ijodkor, balki davralarga fayz kiritadigan inson sifatida esladilar.
— Hayotjon O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymonning gap-gashtagidan chiqqan ijodkorlardan edi, — dedi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali professori, falsafa fanlari doktori Ilyos Quvondiqov. — U kirgan davra she’ru o‘langa, hazilu hikmatga to‘lib ketardi.
Tadbir davomida shoirning turli yillardagi chiqishlari namoyish etildi. Uning she’r o‘qish uslubida ham alohida joziba bor edi. Hayot Shodmon she’rni shunchaki o‘qimas, ularga ruh bag‘ishlar, har bir satrni yurakdan o‘tkazib aytar va bu zaldagilarni beixtiyor larzaga solardi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Nilufar Allamurodova va Venera Ibragimovalar ham shoir haqidagi samimiy xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar. Hofiz Husan Ko‘chmurodov tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar esa kechaga alohida ma’naviy ohang bag‘ishladi.
Sahnaga shoirning yaqinlari — ukasi Rahmon, singillari Diloromxon va Ozodaxon, farzandlari Umidjon hamda Qutlibekalar ko‘tarilganida zaldagi muhit yanada ta’sirchan tus oldi. Umid Shodmonov otasining she’rlaridan birini yoddan o‘qib, yig‘ilganlarni to‘lqinlantirdi.
— 2025-yil Navro‘z arafasida akamning yuragi qattiq bezovta qildi, — deydi Ozoda Egamqulova. — 22-mart kuni telegramdagi sahifamda u kishining “Sir” she’ri chiqib qoldi. O‘qib, yuragim uvishib ketdi. Misralarda xuddi bizga aytilgan vasiyat, og‘riqli iltijo bor edi. O‘sha kuni akam Toshkentda yuragidan operatsiya bo‘ldi. Oradan bir hafta o‘tib, u kishining vafot etgani haqidagi sovuq xabar keldi.
Ozoda Egamqulova shoirning so‘nggi she’rlaridan birini o‘qiganida zalni og‘ir sukut chulg‘adi. Go‘yo yig‘ilganlar Hayot Shodmon bilan yana bir bor vidolashayotgandek edi.
Xotira kechasi yakunida tuman hokimi o‘rinbosari Rahim Anqayev shoirning inson sifatidagi fazilatlarini esladi:
— U kishi doim piyoda yurar, cho‘ntagida esa albatta shirinlik bo‘lardi. Ko‘chada uchragan bolalarni to‘xtatib, hazillashar, har biriga konfet ulashardi. Mahallamiz bolalari Hayot akani o‘zlariga eng yaqin inson deb bilardi. U kishining ko‘chadan o‘tishini intiqib kutishardi.
Kechada muhim qaror ma’lum qilindi. Tuman hokimligi, prokuratura va madaniyat bo‘limi hamkorligida har yili Xotira va qadrlash kuni arafasida Hayot Shodmonni yod etish kechalasini a’anaviy tarzda o‘tkazishga kelishib olindi.
Zero, xalq qalbiga yo‘l topgan shoir aslo o‘lmaydi. Uning ovozi qo‘shiqlarda, nafasi she’rlarda, xotirasi esa odamlar qalbida yashayveradi.
Muhammadali Ahmad, Muhammad Karim (surat), O‘zA