Tariximizning biz o‘qimagan sahifalari
Mumtoz adabiyotimiz tarixida o‘zining ijodi bilan yorqin iz qoldirgan shoiralar ko‘p. Ularning qatoriga Uvaysiy, Nodira, Anbar Otin, Dilshodi Barno, Qambarinso, Samar Bonu singari shoiralarni kiritish mumkin. O‘z davrining yetuk va bilimdon ayollari sanalgan ana shu shoiralar o‘zlarining betakror, ko‘ngilga yaqin, shuningdek, badiiy jihatdan mazmunli va ta’sirli ijod namunalari bilan adabiyot ixlosmandlarining qalbidan mustahkam joy egallagan.
Ayniqsa, Marhamat (Mingtepa)da yashab, qalam tebratgan shoira Samar Bonu o‘ziga xos ijodi, mashaqqatli hayot yo‘li, yoriga bo‘lgan sadoqati, bilimi, yuksak ma’naviyati, qat’iyati bilan asrlar osha avlodlarga namuna bo‘lib kelayotgan ijodkorlardan biridir.
O‘zbek adabiyotining ilg‘or vakilalaridan biri Samar Bonu 1837 yilda O‘sh shahrida tavallud topadi. U o‘qish, yozishni oilasida o‘rganadi. Unga o‘z davrining yetuk bilimli otinoyilari tahsil beradi. Otasi Mavlaviy Sirojiydan din, falsafa va she’riyat nazariyasidan saboq oladi. Mashhur shoir Huvaydoning chevarasi bo‘lgan Samar Bonuning she’riyatga, ijodga ixlosi, qiziqishi baland bo‘lgan.
Mumtoz adabiyotni, xususan, Navoiy, Fuzuliy, Lutfiy, Bobur, Huvaydo ijodini yaxshi o‘rgangan Samar Bonu chindan ham o‘z davrining yetuk shoirasi sifatida shakllangan edi. Shoira:
Ilohi, rohati dildur Huvaydo,
Bobom nisbatlari qilg‘aymu shaydo.
Tasadduq men bo‘lay, sultoni olam,
Chimyon xalqig‘a sizdur mukarram.
deya ulug‘ shajara namoyandasi ekanidan qalbida faxr-iftixor tuyadi. Qolaversa, uning otasi Mavlaviy Sirojiy ham olim, ham shoir inson edi.
Samar Bonuni ko‘plar O‘sh shahrida yashab, ijod qilgan shoira sifatida biladi. Biroq u O‘shda tug‘ilib, voyaga yetgan bo‘lsa-da, o‘n sakkiz yoshidan umrining oxirigacha Mingtepadagi O‘qchi qishlog‘ida yashab, ijod qiladi.
– Samar Bonu otasining shogirdi, mingtepalik bog‘bonning o‘g‘li Sharifjonga ko‘ngil qo‘yadi, – deydi “Mingtepa–madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Eshon avlodidan, yuqori tabaqa vakili bo‘lgan shoiraning otasi Sirojiy ularning nikohiga rozilik bermaydi. Lekin qizi sevgisi uchun kurashadi, hayotini o‘zi sevgan inson bilan bog‘lashni ixtiyor etadi.

Samarbonu hayotning og‘ir sinovlaridan, o‘zi yashagan davr adolatsizliklardan faryod cheksa-da, hayotda o‘zini yo‘qotmaydi. Ana shu adolatsizliklarga qarshi tura oladi, jasorat ko‘rsatdi. Ayniqsa, oila qurish bobida qiz bolaning erki, inon-ixtiyori o‘zida bo‘lmagan bir davrda otasiga: "Men o‘zga bir Majnunning Laylisiman" deb ayta olganligi o‘sha davr ayoli uchun chinakam jasorat edi.
Keyinchalik shoira beayov, bevafo qismatga ham bor kuchi, ovozi bilan, oqilalik ila javob qaytaradi.
Shoira 18 yoshida mingtepalik Sharifjonga turmushga chiqadi, O‘qchi qishlog‘iga keladi. Oradan bir yil o‘tmasdan Sharifjon fojeali vafot etadi. Bonu 19 yoshida qo‘lida chaqalog‘i – Zahiriddin bilan yolg‘iz qoladi. Shoira umrining oxiriga qadar turmush o‘rtog‘iga, muhabbatiga sodiq qolib, qayta turmush qurmaydi, otasi xonadoniga qaytib ketmaydi, qiyinchiliklar bilan hayot kechirsa-da, sadoqatning timsoli bo‘lib yolg‘iz yashaydi.
– Ochig‘i, hozirga qadar ma’rifatparvar shoira Samar Bonu hayotining asosiy qismini Marhamatda o‘tkazganligini ko‘pchilik bilmaydi, – deydi Ortiqali Husanov. – Hatto adabiyot ahli, ziyolilar ham bu masalaga e’tibor qaratmagan. Mingtepalik mashhur kishilar haqida ma’lumotlar yig‘ish asnosida O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida shoiraning tarjima holida keltirilgan “Bonu (1837, O‘sh – 1891, Andijon, Mingtepa qishlog‘i)”jumlasi meni shoira, uning avlodlari haqida ma’lumotlar izlashga undadi. Izlanish, o‘rganishlar davomida u Marhamatning O‘qchi qishlog‘ida 35 yil yashagani, hozir ana shu qishloqda uning avlodlari yashab kelayotgani haqida ma’lumotlar to‘pladim. Ular bilan, qolaversa, Samarbonu avlodlarini biladigan keksalar bilan suhbatlashdim.
Darhaqiqat, Ortiqali Husanov adabiyotshunos olim To‘xtasin Jalolovning shoira hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlarini to‘ldirgan holda 2015 yilda “Samar Bonu” nomli kitobini nashr ettirdi. Kitobdan uning izlanishlari asosida to‘plangan ma’lumotlar, To‘xtasin Jalolov va boshqa ijodkorlarning maqolalari, ijodkor Sohibaxon Hoshimovaning “Samar Bonu” dramasi hamda shoiraning g‘azallaridan namunalar o‘rin olgan.
Ta’kidlash joizki, To‘xtasin Jalolov mumtoz adabiyotimizning o‘ttizga yaqin vakilalari asarlarini izlab, topib, kitob holida xalqimizga taqdim etgan zabardast olimlardan biri edi. Xususan, Samar Bonu asarlari ham aynan u kishining sa’yi-harakati bilan keng jamoatchilikka yetkazilgan. Olim shoiraning shajarasini tuzgan. Shoira shaxsiga, ijodiga yuqori baho bergan.
Olim o‘z asarlarida voqealarni, ma’lumotlarni o‘zgartirmay, jilo bermay, boricha bayon etgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, uning kitoblaridagi shoira Samar Bonu hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlar ham xabar beruvchilarning shaxsiy fikri sifatida yoritilgan. Olim ularga o‘zgartish kiritish, tartibga solish yoki izoh berishga urinmagan. Uning Samar Bonu hayoti va ijodi haqidagi izlanishlari “O‘zbek shoiralari” (1959), “Bonu” (1963) va “Go‘zallik olamida” (1979) nomli asarlarida jamlagan.
Avlodlarining ta’kidlashicha, Samar Bonu turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng bir necha yil qiyinchilikda, g‘ariblikda hayot kechiradi. Shunday bo‘lsa-da, suygan insoni Sharifjonning uyidan, u dafn etilgan qishloqdan ketmaydi. Xususan, g‘azallaridan birida: “Sharifim sarri poyidin o‘zum jo‘kurmadim hargiz…” deydi. Ya’ni Sharifi (umr yo‘ldoshi) o‘ldirilganda ham uning poyidan (dafn qilingan qishloqdan) hech qayerga ketmaganligini bayon etadi.
Sohibi devon shoira Samar Bonu ijodi XIX asr o‘zbek adabiyotining yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Uning ijodida shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar, o‘zining achchiq qismati, g‘ariblikda o‘tkazgan hayoti tasviri keng o‘rin olgan.
Men g‘arib, Bonu g‘arib, otim g‘arib, zotim g‘arib,
Bu g‘ariblikda yurubman kahrabodek sarg‘arib.
Sarg‘ayib bir soddadil bechoraman, holim xarob,
Pur jafo-u, pur alam, g‘amgin erurman muztarib.
....
Qichqirib ko‘nglum yozolmay termulurman har sari,
Yo‘qki bir amma-xola yo bir opa kelsa kirib.
Kiribon kelsa eshikdin goh nogoh; bir jigar:
Ko‘ksum ochib ko‘rsatardim ham taqi bag‘rim yorib.
Yoribon bo‘lmas tufayli, dard bo‘lg‘ondur dilim,
Koshki oqsa g‘ariblikda yurak-bag‘rim erib.
Erib oqti Bonuyo, ikki ko‘zungdin daryolar,
Yo‘q bo‘lursan bora-bora rangu ro‘y ham tan sizib.
Shu bilan birga, shoira ijodida ilm-ma’rifatga intilish, ishq-muhabbat, yuksak insoniy tuyg‘ular ham keng tarannum etiladi.
Ham she’riyat, ham din ilmini mukammal egallagan shoira Qul Xoja Ahmad, Shams Tabriziy, Xoja Hofiz, Alisher Navoiy, Mashrab, So‘fi Olloyor, Huvaydo singari ulug‘ ijodkorlarning ijodiy an’analarini chuqur o‘rganib, ana shu an’analarni munosib davom ettiradi. Jumladan, "Qo‘zg‘olmasun" radifli g‘azalida shoira shunday yozadi:
Oh desam ohimni dudi yetti iqlimni tutar,
Na’rani ohista chek, lavhu qalam qo‘zg‘olmasun.
Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov “Bunday misralarni yozish har qanday ijodkorning ham haddi emas” deb shoira ijodiga yuksak baho beradi.

Samar Bonu o‘z g‘azallarida mubolag‘a san’atining mumtoz namunasini yaratgani, ko‘p asrlik nazmiy an’analarga yangicha ifoda, yangicha talqin olib kirgani ijodining adabiy-estetik qimmati nechog‘lik baland ekanligining isbotidir. Shu bois ham, uning g‘azallari mumtoz she’riyatimiz rivojida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Shu o‘rinda shoiraning hanuzgacha she’riyat muxlislariga ma’lum bo‘lmagan g‘azallarini izlab topish, adabiy muomalaga kiritish, mavjud g‘azallarini badiiyat, mahorat jihatidan yanada chuqurroq tadqiq etish adabiyotshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan ekanligini alohida ta’kidlash joiz.
Shoira ijod bilan birga, otinoyilik qiladi. Otasi vafotidan keyin ukasi Salohiddin Sohib bilan aloqalarini tiklaydi. Uning ko‘magida hovlisiga yangi imoratlar quradi, qizlar maktabini tashkil etadi. Manbaalarda bayon etilishicha, uning maktabi bir-biri bilan tutash bo‘lgan 4x8 metrli o‘quv xona hamda turli adabiy yig‘inlar o‘tkazishga mo‘ljallangan 8x18 metrli chiroyli ayvondan iborat bo‘lgan. Ayvonga qo‘yilgan xorilarga Huvaydoning turli misralari bitilgan edi:
Arzimni aydim bodi saboga,
Yetkursa holim ul dilraboga.
Qilsa xudoyim ko‘nglin muloyim,
Rahm aylagaymu man mubtaloga.
degan misralar o‘yib yozilgan ana shunday xorilardan biri avlodlari tomonidan yaqin yillargacha saqlab kelingan edi.
– Samarbonu onamiz o‘zi tashkil etgan maktabda qizlarga qur’ondan, hadisdan, din ilmidan, she’riyatdan saboq bergan, – deydi shoiraning avlodlaridan, Marhamat tumanidagi “O‘qchi” jome masjidi imomi Qamariddin Minhojiddinov. – Qolaversa, maktabda o‘z davrining ilmli ayollari ishtirokida mushoiralar, ilmiy, diniy suhbatlar doimiy ravishda o‘tkazib turilgan. Umuman, shoira onamiz yashab o‘tgan ushbu xonadon uzoq yillar ilm oluvchilar uchun ziyo maskani, musofirlar uchun qo‘nalg‘a, miskinlar uchun taomxona bo‘lganligini bobolarimiz juda gap gapirar edi.
Samar Bonu tarixda nafaqat shoira, balki o‘ziga xos o‘qitish uslubini yaratgan, qizlar o‘qiydigan maktabni tashkil etgan murabbiy sifatida ham iz qoldirgan.
Qizlar maktabida darslar arab tilidan tashqari, ko‘proq turkiy va fors-tojik tillarida olib borilgan. O‘quvchi qizlarga "Xaftiyak", "Choxor" kitoblari o‘qitilgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Mirza Bedil, Huvaydoning ijodi, asarlari o‘rgatilgan.
Samar Bonu shogirdlarining qo‘llari bir oz xatga kelishi bilan "xat mashqi" darsida ularga o‘z she’rlarini aytib, yozdirgan. Shu asosda qizlarda she’riyatga havas uyg‘otgan. U o‘quvchi qizlar bilan hamisha samimiy munosabatda bo‘lgan. Ularga atab alohida g‘azal ham yozgan:
Menga shogird bo‘lubsizlar, necha qimmat baho qizlar,
Bari bir-biridan ortuq, farosatli, raso qizlar.
Saodat axtari birlan tug‘uldi yaxshi soatda,
Tamomi insu jinsdin ham paridin purhayo qizlar.
Samar Bonu yolg‘iz o‘g‘li Zahriddinni o‘qitib, olim qilib voyaga yetkazadi. U turli davrlarda turli madrasalarda tahsil oladi. O‘g‘lini shogirdlaridan biri Sharifanisoga uylantiradi. Keyinchalik Zahiriddin Qo‘qondagi xonlik madrasasida mudarris bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-14424]
Samar Bonu 1891 yilda Mingtepaning O‘qchi qishlog‘idagi o‘z xonadonida vafot etadi. Vasiyatiga asosan, u O‘shdagi avlodlari mangu qo‘nim topgan Sarmazor qabristoniga dafn etiladi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/dvLbIKRaK4o" title="Шоира Самар Бонуни биласизми?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari