O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoir Safar OLLOYOR oxirgi uch yilda she’riyatda eng yirik janr – 8 ta mustaqil dostondan tarkib topgan «ZARBULDOSTON» va ikki misradan iborat eng kichik poetik janr – «QO‘SHSATR» hamda adabiyotda turkiy lison istilohidagi «UCHSHODA» nomli yangi she’riy janrlarga, shuningdek, «SAFAR OLLOYOR BANDI» nomi bilan poeziyadagi eng yirik va murakkab she’riy bandga asos solganligi haqida ilgari xabar qilingandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlari ijodiy uyushmalari a’zosi, shoir va jurnalist Safar OLLOYOR qalamiga mansub «Polvon» (havaskorlik) hamda «Pahlavon» (professionallik) bosqichlaridan iborat «Kurash» kompyuter o‘yini va uning mobil ilovasining original ilmiy-metodik tezis-konsepsiyasi va ssenariysi mualliflik huquqi ob’ekti sifatida deponentlash uchun taqdim etilgan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik huquqlarini deponentlash to‘g‘risida 2021 yil 29 iyunda 003663-raqamli guvohnoma bilan tasdiqlangan.
Ma’lumki, Prezidentimizning 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4881-son qaroriga 1-ilovada, ya’ni Kurash milliy sport turini 2025 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish Konsepsiyasida shunday band bor:
«Kurash bo‘yicha milliy va xalqaro musobaqalarni mamlakatdagi hamda jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, Kurashni o‘rgatuvchi va targ‘ib qiluvchi videoroliklar, mobil ilovalar hamda boshqa elektron materiallar tayyorlanmagan... ”
O‘ylaymizki, mazkur yangi «KURASH» kompyuter o‘yini va uning mobil ilovasini yaratishdan ko‘zlangan asosiy strategik maqsadlar ushbu kemtiklikni to‘ldirishga xizmat qiladi. Modomiki, o‘zbek milliy mentalitetiga xos «KURASH» kompyuter o‘yini va uning mobil ilovasini yaratishga muvaffaq bo‘lar ekanmiz, nafaqat kurash bo‘yicha milliy va xalqaro musobaqalarni mamlakatdagi hamda jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritish tizimini yo‘lga qo‘yish, jumladan, Kurashni o‘rgatuvchi va targ‘ib qiluvchi videoroliklar, mobil ilovalar hamda boshqa elektron materiallar tayyorlash borasida davlat miqyosida ko‘zda tutilganiga yarasha amaliy ishlar qilingan bo‘lardi. Shu bilan birga, jahon zamonaviy animatsion mahsulotlar bozoriga Polvon va Pahlavon qiyofasidagi «Kurashchi» o‘zbek milliy multqahramonlari obrazini taqdim etish imkoniga ham ega bo‘lamiz. Zero, hali xalqimizning oriyatlilik, mardlik, halollik, dangallik singari milliy mentalitetini ifoda etadigan o‘zbek brendi yaratilgani yo‘q. Bu loyiha esa, aynan shu sohada qaldirg‘och a’moldir. Qolgani soha mutaxassislari – animatorlarimiz mahorati va fidoyiligiga bog‘liq, albatta.
Biz, izlanuvchan ijodkor – Safar OLLOYORni yangi muvaffaqiyati bilan qizg‘in qutlaymiz va kelgusida bu ijodiy hodisa amaliyotda joriy etilishiga umid bildiramiz.
A.Narzulloyev, O‘zA